Limon yetishtirish istiqbolli va serdaromad soha. Tabiatning bu shifobaxsh ne’mati inson salomatligi uchun g‘oyat foydalidir. Limon mevalari va undan tayyorlangan sharbatlar dunyo mamlakatlari aholisining odatiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biriga aylangan. Shu boisdan ham mamlakatimizda limon yetishtirishga hukumat darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 2 apreldagi “Respublikada limonchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Mazkur hujjat asosida yetakchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xorijiy tajribani o‘rganishi, zarur hollarda xorijda stajirovka o‘tashi va xalqaro tan olingan sertifikatlar olishi uchun har yili 5 milliard so‘m mablag‘ ajratish belgilandi.


Aksiyadorlik tijorat “Turon bank” boshqaruvi zimmasiga sitrus, subtropik va tropik o‘simliklar yetishtirish va eksport qilishga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar yuklatildi. Endilikda limon yetishtirishga ixtisoslashgan hududlarda aholi xonadonlarida va ijaraga berilgan yer maydonlarida ixcham issiqxonalar qurib beriladi hamda uch yillik imtiyozli davr bilan yetti yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi. Qolaversa, chet eldan limon mevasidan murabbo, jem va limonad ishlab chiqarish uskunalarini olib kelib, o‘rnatish hamda tadbirkorlarga lizing asosida berish yo‘lga qo‘yiladi.


Namangan viloyatida limonchilikni oddiy bog‘dorchilikdan sanoat darajasiga ko‘tarish, ushbu mevani qayta ishlash orqali ikkinchi va uchinchi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish borasida viloyatdagi tijorat banklari, mahalliy hokimliklar tomonidan salmoqli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda, viloyatda limonchilik bilan shug‘ullanuvchilar soni 4 ming 300 dan oshdi. Hududlarda limon yetishtirish uchun ajratilgan yerning umumiy maydoni 386,3 gektarni tashkil qilib, ularning 3 ming 957 tasi aholi xonadonlar va 353 tasi tadbirkorlik sub’ektlari hissasiga to‘g‘ri keladi.


Qayd etish joizki, Namangan viloyatida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida limonchlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 25 ta loyiha ijrosi uchun tijorat banklari tomonidan 2,9 milliard so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.
– Viloyatida limonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi sonini oshirish va ishsiz aholi bandligini ta’minlash maqsadida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda, avvalo, aholi bandiligini ta’minlash uchun 20 ming tup limon ko‘chatlari yetkazib berish rejalashtirildi. Hozirgacha yetti tumandagi 11 mahallada yashovchi 280 ta xonadon uchun 8 ming dona limon ko‘chatlari yetkazib berildi. Bankimizning moliyaviy ko‘magida 233 nafar tadbirkor bilan hamkorlikda tashkil etilgan 76,5 gektar limonzor maydonlari kengaytirildi, – deydi “Turon bank” Namangan bank xizmatlari markazi rahbari Xayrullo Mamajonov.

Viloyatning Uchqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan “Limon hosili sayli”da limon yetishtiruvchilar, dehqonlar va tadbirkorlar ishtirok etda. Namangan viloyati hokimligi hamda aksiyadorlik tijorat “Turon bank” hamkorligida uyushtirilgan sayl doirasida limonchilik sohasida erishilayotgan yutuqlar, yangi texnologiyalar asosida faoliyat yuritayotgan issiqxonalar faoliyati va mahalliy dehqonlarning mehnat natijalari haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, limonchilikni rivojlantirishda bank tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, imtiyozli kreditlar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritish tajribalari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, limonni eksport qilish bo‘yicha yangi loyihalar taqdim etildi. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba va g‘oyalar almashib, limonchilikni yanada rivojlantirish, mahsulot sifatini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchqo‘rg‘on tumanida limon yetishtirish borasida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Ayni vaqtda tumandagi Namuna, Qo‘g‘ay O‘lmas, Uchyog‘och, Dehqonobod, Guliston, Yangiobod, Navro‘z, Qo‘rg‘oncha, Qurama, Obod kabi 60 ga yaqin mahallalarda 750 ga yaqin xonadonlarda limon parvarishlanmoqda. Ko‘plab mahallalar limonchilik va shunga o‘xshash sitrus mevalar yetishtirish natijasida ishsizlikdan xoli hududga aylanmoqda.
Uchyog‘och mahallasi tumanda limonchilik borasida peshqadamlardan hisoblanadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shokirjon Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, 2 ming 600 dan ziyod aholi istiqomat qilayotgan ushbu hudud “drayveri” – dehqonchilik bo‘lib, asosan limon va qulupnay yetishtiriladi. Aholiga tomorqa sifatida ajratilgan to‘qqiz gektar yerning olti gektarida zamonaviy issiqxonalar tashkil etilgan. Mahallada limonchilikni rivojlantirish, ichki bozordagi ehtiyojni to‘laqonli ta’minlash hamda eksportga tayyorlash borasida ildamlik bilan ish tashkil etayotgan faol mirishkor talaygina.
Masalan, “Zilol sitrus asl mevalari” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Javohir Bekmurodov 6,7 gektar maydondagi issiqxonada limon yetishtirib, yaxshi daromad olmoqda. Oila a’zolari bilan bir qatorda mahalladoshlaridan ishchilarni jalb etilgani farovonlik va bandlik manbai bo‘lmoqda.
Tomorqachi tadbirkorning aytishicha, limon birinchi yilda gullaydi, lekin, hosil bermaydi. Bunda yangi navdalardan qalamcha olib, ko‘chat tayyorlab sotsa bo‘ladi. Har bir ko‘chatdan 50 donagacha qalamcha tayyorlanishi, ilk yildayoq sarf-xarajatlarni qoplashda qo‘l keladi. Keyingi yilda esa, limon hosilga kiradi. Aytish kerak, uch yilga qadar limon ko‘chatlari orasida qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirib, masalan pomidor, bodring, bolgarqalampir va boshqa ekinlarni ekib daromadni yanada oshirish mumkin.
Issiqxonada 6 ming 200 tup limon ko‘chati mavjud bo‘lib, joriy yilda 100 tonna limon hosili kutilmoqda. Limonzorlarning 4,5 gektari yirik issiqxonalar va 2,2 gektar qismi (har biri 20 sotixdan) 11 nafar tadbirkor jalb etilgani holda kooperatsiya usulida tashkil etilgan. Yillik o‘rtacha daromad 300-400 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Bu yerda limon mevalarini saqlash uchun 100 tonna sig‘imli energo tejamkor omborxona bo‘lib, o‘zida va yaqin hududlarda yetishtirilgan limonni erta bahorga qadar saqlash imkoniyati mavjud. Ko‘rilayotgan mana shunday choralar mahsulotni qayta ishlash, eksportga tayyorlash jarayonlarini uzluksiz davom ettirish imkonini beradi.
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Radivon Citrus mevasi tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Bo‘ron Asrayev lider tadbirkor sifatida “ISO 22000” sertifikatini qo‘lga kiritib, ilg‘orlar safida e’tirof etildi. Mirishkorning aytishicha, sertifikat olish mahsulot sifatini yuqori ekanini ko‘rsatish asnosida, ishlab chiqarish madaniyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi kunda soha ishlab chiqarish bilan bog‘lanib qolmay, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ham rivoj topmoqda. Xitoy Xalq Respublikasida tajribasini oshirgan namanganlik tadbirkorlar limonni qayta ishlash, sharbat, xushbo‘y yog‘ va quruq mahsulot ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalar ustida ishlamoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.