Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Limonchilik sohasining ham o‘z sir-sinoati bor (+video)
18:40 / 2025-12-22

Har bir sohada bo‘lgani kabi limon yetishtirishning ham o‘z sir-sinoatlari bor. Masalan, limon o‘simligi yaxshi rivojlanishi uchun harorat qanday bo‘lishi kerak? Yoki kasallik tushganda qanday choralarni qo‘llash zarur? Sug‘orish, qalamchadan ko‘paytirish, yorug‘lik, issiqlik darajasi - xullas bu soha agrotexnikasini yaxshilab bilib olmasdan yuqori hosildorlikka erishish, limon yetishtirish mushkul albatta.

Bundan besh yil avval davlatimiz rahbarining “Limonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingandi. Unda Toshkent davlat agrar universiteti huzurida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sitrus, subtropik va tropik o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha kichik innovatsion korxonani tashkil etish choralari belgilab berilgan.  

Ushbu qaror sitrus mevalarda chuqur ilmiy izlanishlar olib borayotgan “Mevachilik va uzumchilik” kafedrasi ilmiy xodimi  Muhammadaziz Faxriddinovning ilmiy izlanishlariga keng yo‘l ochib berdi. 2 sotix isitilmaydigan issiqxonada limon, apelsin, mandarin hamda greypfrutning yangi mahalliy navlarini yaratib, mazkur o‘simliklarning  ko‘chatchiligini ham yo‘lga qo‘ydi.  

- Muhammadaziz aka, fuqarolarimizga, issiqxona xo‘jaliklarini yuritayotganlarga sitrus o‘simliklarini yetishtirishda  qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

- Toshkent davlat agrar universitetining tajriba-sinov maydonining issiqxonasidamiz. Bu yerda talabalar uchun amaliyot darslari o‘tiladigan laboratoriya tashkil qilingan. Akademik Zayniddin Faxriddinovning bir tup F-2 “Yubileyniy” navi payvandtag limon sifatida tanlab olindi va  40 dan ortiq   sitrus mevalari payvand qilindi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/paYliOEtgWo" title="Limonchilik sohasining ham o‘z sir-sinoati bor" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Darhaqiqat, universitet rektori Narzulla Oblomurodov seleksioner olimlar uchun maxsus sharoit yaratib, har bir uchastkada ilmiy izlanishlar olib boruvchilarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bugungi kunda yosh tadqiqotchilar tomonidan mahalliy sharoitda banan, kivi, ananas, papaya ko‘chatlarini aynan isitilmaydigan issiqxonalarda yetishtirish, ularni iqlimlashtirish ustida izlanishlar olib bormoqdalar. Hattoki, Saudiya Arabistonida uchraydigan  “Zuriyat” mevasi ham mahalliy sharoitga moslashtirildi.  

Bu kabi ilmiy tajribalar nafaqat issiqxonalarda balki ochiq maydonlarda ham o‘tkazilmoqda. Maqsad nazariya bilan amaliyotni uyg‘unlashtirish, tomorqachi va dehqonlarimizni serdaromad o‘simliklarni parvarish qilishga o‘rgatish, yosh olimlarga ustozlar tajribalarini o‘zlashtirishlarida ko‘maklashib, kelgusida joylarda ommalashtirishdan iboratdir.  

Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA