FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “Katta Qashqar” mahalla fuqarolar yig‘inida limonchilik aholining asosiy daromad manbaiga aylangan. Bugungi kunda mahalladagi mingdan ortiq xonadonda 3–8 sotixli issiqxonalarda limon parvarishlanmoqda.
Natijada yiliga o‘rtacha 850–900 tonna limon hosili yetishtirilib, mahsulotning katta qismi qo‘shni davlatlar va Rossiya bozorlariga eksport qilinmoqda. Keyingi yillarda limonni qish mavsumida tabiiy usulda saqlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar joriy etildi.
Joriy yilda aholi xonadonlarida tashkil etilgan ixcham omborlarda 400 tonnadan ortiq limon zaxira qilinib, ayni kunlarda xorijiy bozorlarga yetkazib berilmoqda.
[gallery-27427]
— Besh sotixli issiqxonamizda 2 tonnadan ziyod limon yetishtirdik. Bu yil hosilni qish mavsumi uchun sifatli saqlashga muvaffaq bo‘ldik, - deydi mahalla fuqarolaridan biri Abdumannon Mullalidinov.
Eksport jarayonlarida Uchko‘prik tumani O‘simliklar karantini va himoyasi inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Ayni paytda mahallada 2357 ta oila, 7147 nafar aholi istiqomat qiladi. Doimiy ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalari tufayli Katta Qashqar mahallasi ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud sifatida e’tirof etilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA