Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Shiramon qishlog‘ida yashovchi omilkor dehqon Otabek Qurbonov tadbirkorlik qilish maqsadida bundan besh yil avval 50 sotix maydonda issiqxona tashkil qilib, yaxshi niyat bilan limon ko‘chatlarini qadadi. Oila a’zolari bilan birgalikda parvarish qila boshladi.
– Aslida limon “sho‘x” daraxt, tezda unib o‘sib ketaveradi, xarajati kam, – deydi Otabek Qurbonov. – Ostiga mahalliy o‘g‘itni solib, suvini vaqtida quyib tursangiz bas tez rivojlanadi, lekin qishning qattiq sovug‘idan asrash kerak. Buning ham arzon yechimini topganmiz, termos usulida ichidan ham bir qavat plyonka bilan yopamiz va ko‘chatlar ostiga somon to‘shaymiz. Shunday qilinsa, sovuq urmaydi.

Uzoq kutilgan onlar kelib, uchinchi yildan boshlab, ko‘chatlar hosil bera boshladi. Bugungi kunda esa 50 sotixlik issiqxonadan 25-26 tonnagacha hosil olinmoqda. Ayni paytda ulgurji bozorlarda bir kilogramm limonning narxi 25-30 ming so‘m ekanini hisobga olsak, limonchilikdan keladigan daromadni anglash qiyin emas.
Kichikroq yer maydonida boshlangan ish oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, kattagina dehqonchilik xo‘jaligiga aylandi. Bugungi kunda “Abdiyev Mashrabjon limonchilik” xo‘jaligi maydoni 2 gektarga yetdi. Issiqxonalarda yetishtirilayotgan limonlar nafaqat ichki bozorni, balki eksport imkoniyatlarini ham kengaytirishga xizmat qilmoqda.

– Har bir tup limonga mehr bilan qarasak, u ham mehnatimizga munosib javob qaytaradi, – deydi tadbirkor Otabek Qurbonov. – Hozirgi paytda yiliga 500 million so‘mdan 900 million so‘mgacha daromad olyapmiz. Kelgusi yillarda 100 tonnadan ortiq limon hosili yetishtirishni, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, limonariyalar kengaytirilib, u yerda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar, tomchilatib sug‘orish tizimi hamda mikroklimatni avtomatik boshqaruvchi uskunalar joriy etilishi maqsad qilingan. Bu esa hosil sifati va miqdorini oshirishga xizmat qilmay qolmaydi.

Shahrisabz tumani hokimligi va tegishli tashkilotlar tomonidan bu kabi tashabbuslarga amaliy yordam ko‘rsatilib, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot yetishtirish va eksportbop yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida bunday loyihalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Shiramonlik tadbirkorning tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mehr va mehnat bilan yondashilgan har qanday tashabbus muvaffaqiyatga eltadi. Bugun Shahrisabzda amalga oshirilayotgan shunday loyihalar kelgusida viloyat miqyosida yangi eksportbop mahsulotlar brendining shakllanishiga zamin yaratadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA