Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Bekzod Berdiyev liftlarni o‘rnatish tartibi va nazorati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ko‘p qavatli uylar shahar infratuzilmasining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Ulardagi lift qurilmalari esa faqat harakat vositasi emas, balki inson xavfsizligi va kundalik qulayligini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Shu boisdan, ularning sifati, xavfsizligi va energiya tejamkorligiga katta e’tibor qaratilmoqda.
2025 yil 1 maydan boshlab mamlakatimizda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida “Xavfsiz lift” nomli yagona idoralararo elektron platforma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizim Vazirlar Mahkamasining lift uskunalaridan xavfsiz foydalanish, sifat nazoratini kuchaytirish va aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida joriy etilgan.
Endilikda yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylardagi lift uskunalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish faqat “Xavfsiz lift” platformasi orqali amalga oshiriladi. Agar bu talabga rioya qilinmasa, bunday binolar foydalanishga qabul qilinmaydi.
–Platformada ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari liftlarga oid barcha zarur hujjatlar – sertifikat, pasport, dalolatnoma hamda texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomalarni yuklaydi va elektron ariza yuboradi. Ushbu ariza qo‘mita hududiy bo‘limiga yo‘naltirilib, tegishli mutaxassis tomonidan ko‘rib chiqiladi. Mutaxassis hujjatlar bilan tanishgan holda joyiga chiqib, lokatsiyani belgilaydi va talablarga javob bersa, qabul qilish tugmasini bosadi. Agar belgilangan texnik shartlar, masalan, kuzatuv kamerasi, ikki tomonlama ovoz uzatgich, dispetcherlik markaziga ulanish va ARD qurilmasi mavjud bo‘lmasa, rad etish tugmasi bosiladi va ariza avtomatik ravishda buyurtmachiga qaytariladi.
Qabul qilingan hollarda esa hujjatlar tashkilotimizga yuborilib, ro‘yxatdan o‘tkaziladi va buyurtmachiga QR-kodli ma’lumotnoma taqdim etiladi. Ushbu QR-kod lift kabinasida ko‘zga ko‘rinadigan joyda joylashtirilishi talab etiladi. Fuqarolar ushbu QR-kodni telefoni orqali skaner qilganida, lift uskunasi to‘g‘risidagi barcha ma’lumot – o‘rnatgan tashkilot, xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya, so‘nggi texnik ko‘rik natijalari va o‘rnatilgan sana haqida ma’lumotlar aks ettiriladi. Platformada liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar reyestri yuritilib, ularning ruxsatnomalari, amal qilish muddati va mutaxassislari haqidagi ma’lumotlar ham kiritib boriladi , – dedi B.Berdiyev.
Brifingda ma’lum qilinishicha, kelgusida ushbu platforma orqali respublikadagi barcha lift uskunalarini real vaqt rejimida monitoring qilish imkoniyati yaratiladi. Hozirgi kunda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ishtirokida liftlar bilan bog‘liq faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari soni 103 tadan 141 taga yetkazilgan. Shuningdek, soha uchun zarur kadrlar tayyorlash maqsadida 286 nafar mutaxassis Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Monomarkaz”larda o‘qitilishi tashkil etilgan.
Tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulaylik yaratish maqsadida Qo‘mita tasarrufidagi “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida o‘z filiallarini ochgan. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va tizimli chora-tadbirlar lift uskunalarining texnik holatini yaxshilash, xavfsizlikni ta’minlash, avariyalarning oldini olish, dispetcherlik xizmatlarini rivojlantirish va to‘liq monitoringni tashkil etishga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA