Liberiya Prezidenti hamda 1995 yilda France Football jurnali versiyasi bo‘yicha yilning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan “Oltin to‘p” sovrindori Jorj Veaning o‘g‘li Timoti Vea AQSH terma jamoasi safida Uels terma jamoasi darvozasiga birinchi golini kiritdi.
AQSH terma jamoasi hujumchisi uchrashuvning 36 chi daqiqasida jamoaning birinchi golini kiritib o‘zini ko‘rsatdi, deyiladi xabarda.
Timoti Vea Fransiya terma jamoasida ham to‘p surishi mumkin edi, chunki u Fransiyada 14 yil yashagan, ota yurti Liberiya yoki ona yurti Yamayka terma jamoasi safida ham maydonga tushishi mumkin edi, biroq har doim yosh Vea AQSHni Vatani deb hisoblab kelgan.
Timoti Veaning otasi Jorj Vea yoshligida Fransiyaning «Monako», «Pari Sen-Jermen», Italiyaning «Milan», Angliyaning «Chelsi» va «Manchester Siti» jamoalarida to‘p surgan, Italiya va Fransiya chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. 1995 yilda Yevropada yilning eng yaxshi to‘p tepariga beriladigan “Oltin to‘p” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Jorj Vea ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan Afrika qit’asining yagona vakili hisoblanadi. Shuningdek, u biror marta ham jahon chempionatida o‘ynamagan.
Futbolni tark etgandan keyin Jorj Vea gumanitar va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullandi.
2017 yilda Liberiyaning 25 Prezidenti bo‘ldi. Uning o‘g‘li Timoti Via esa nafaqat Jahon chempionatida ishtirok etyapti, balki to‘p kiritib o‘zining nomini futbol tarixi sahifasiga muhrladi.