English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XXR Davlat kengashi bosh vaziri: "Xitoy O‘zbekistonga hamkor va ishonchli sherik bo‘lishga tayyor"
10:30 / 2019-10-31

Li KESYaN XXR Davlat kengashi bosh vaziri: — Yaqinda O‘zbekistonga XXR Davlat kengashi bosh vaziri sifatida ilk marta rasmiy tashrif bilan boraman. Bunda Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ShHT Hukumatlar rahbarlari (Bosh vazirlari) kengashining 18-majlisida ishtirok etish ko‘zda tutilgan. Tashrif unchalik uzoq davom etmasa-da, undan ko‘p narsalarni kutyapman.

Li KESYaN XXR Davlat kengashi bosh vaziri:

— Yaqinda O‘zbekistonga XXR Davlat kengashi bosh vaziri sifatida ilk marta rasmiy tashrif bilan boraman. Bunda Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ShHT Hukumatlar rahbarlari (Bosh vazirlari) kengashining 18-majlisida ishtirok etish ko‘zda tutilgan. Tashrif unchalik uzoq davom etmasa-da, undan ko‘p narsalarni kutyapman.




E’TIROF

Xitoy xalqining qalbida O‘zbekiston hamisha yaxshi qo‘shni va ishonchli hamkor bo‘lib gavdalanadi. Bunday yoqimli munosabat chuqur tarixiy ildizga ega. U ikki mamlakat xalqlarining ko‘p asrlik uzviy aloqalari bilan bog‘liq. Qadimda Sixan sulolasi hukmronligi davridayoq, elchi va diplomat Chjan szyan o‘zbek zaminiga borgan edi.

O‘shandan boshlab eng asosiy xalqaro megapolislar, jumladan, Chan’an, Toshkent, Samarqandni birlashtiruvchi Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab xitoyliklar va o‘zbeklar o‘rtasida do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan. Ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan ochiqlik qadriyati ularni yaqinlashtirib, tarix sahifalarida yorqin iz qoldirgan.

Yangi davr boshlanishi bilan bunday o‘zaro yaqinlik tobora rivojlanayotgan xitoy-o‘zbek munosabatlarini yanada mustahkamlab kelmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si szinpinning 2016 yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan muvaffaqiyatli tashrifi natijasida ikki tomonlama aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Joriy yilda esa biz Bosh vazir A. Aripov bilan birga tarixda birinchi marta hukumat boshliqlarining o‘zaro tashriflarini uyushtirdik.

Bugungi kunda ochiqlik siyosati Xitoy va O‘zbekiston uchun milliy taraqqiyot va tiklanish ishida umumiy shiorga aylandi. Xitoyda islohotlar va ochiqlik siyosati 1978 yili boshlangan bo‘lib, 40 yildan ziyod vaqt davomida ulkan rivojlanishga erishildi, bu esa nafaqat xitoy xalqi, balki butun dunyo uchun noyob imkoniyatlar ochib berdi. Ayniqsa, bu islohotlar va ochiqlik yo‘lida bizga endi O‘zbekiston ham yo‘ldosh bo‘lgani quvonarli. Ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi juda tez sur’atlar bilan kechmoqda.

Ochiqlikni dadilliksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Proteksionizm va bir tomonlama harakatlarning kuchayishi, jahon iqtisodiyoti va tashqi savdoning sustlashuvi natijasida xalqaro vaziyat oldindan aytish qiyin bo‘lgan holatga kelib qolgan hozirgi sharoitda ochiqlik siyosati yuritish ham shubhali bo‘lib qoldi, ba’zan hatto “yopiq eshiklar ortiga yashirinish” haqida o‘ylab qolishga to‘g‘ri kelyapti. Bunday sharoitda shuni eslash kerakki, ota-bobolarimiz ochiqlik maqsadida o‘ta murakkab va uzoq yo‘lni bosib o‘tishgan. O‘xshatish qiladigan bo‘lsak, bu yo‘l baland tog‘lar, tubsiz girdoblar va bepoyon sahrolardan iborat. Bugungi kunda ochiqlik o‘zini yenga olishni va eskidan qolgan andozayu qoliplardan xoli bo‘lishni talab qilyapti.

Ochiqlik hamisha imkoniyatlar yaratadi. Negaki, “o‘z qobig‘iga o‘ralib qolish” taraqqiyot maydonini toraytiradi, ochiqlik esa butun dunyo bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyat ochadi.

Masalan, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng iqtisodiy globallashuv sharoitida turli davlatlarda ochiqlikni kengaytirmay turib, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlashning iloji yo‘qligini tarixning o‘zi ko‘rsatib berdi.

O‘zbekiston dengizga chiqish yo‘liga ega emas, ustiga-ustak, o‘ziga o‘xshash jahon okeaniga chiqish yo‘li bo‘lmagan mamlakatlar bilan chegaradosh. Shunday bo‘lsa-da, aynan ochiqlik — o‘z vaqtida o‘zbek zaminiga Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tash va insoniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shishga imkon bergan ochiqlik O‘zbekistonga yana uning Davlat gerbida tasvirlangan Humo qushi singari qanot yozishida yordam beradi.

Xitoy O‘zbekistonga hamkor va ishonchli sherik bo‘lishga tayyor. Bunda bir-birimizni ochiqlik ruhida qo‘llab-quvvatlash, ko‘mak berish, har ikki tomon manfaati uchun hamkorlikni chuqurlashtirish, taraqqiyot imkoniyatlari bilan bo‘lishish juda muhim. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi bilan hamohang tarzda amalga oshirishni rag‘batlantirish, amaliy hamkorlikni mazmunan boyitish va tarkibini yaxshilash orqali yangi sxemalarni shakllantirish niyatidamiz. Hamkorlikning yangi-yangi shakllarini izlab topish, iqtisodiyotdagi har ikki tomon uchun ham foydali bo‘ladigan aniq natijalar bilan bir-birini to‘ldirish m
aqsadida qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarishni jadallashtirish lozim. Biz Xitoyning ishonchli va raqobatbardosh kompaniyalari bilan o‘zbek sheriklari o‘rtasida bozor va tijorat qoidalari asosida investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, O‘zbekistondan yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bizning mamlakatimizga eksportini ko‘paytirishni olqishlaymiz.

Aminmanki, xitoylik turistlar uchun 7 kunlik vizasiz tartib joriy etilgani esa, O‘zbekistonga uning buyuk tarixi va madaniyati, ajoyib tabiati va betakror xalqona muhiti bilan tanishish maqsadida boradigan vatandoshlarimiz sonini yanada ko‘paytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, qo‘shimcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilsa, bu ham fuqarolarimizning o‘zaro bordi-keldilari uchun qulay sharoit yaratgan bo‘lar edi. Jamoatchilik yo‘nalishidagi do‘stona muloqotlar yanada faollashsa, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, albatta, kuchayadi.

Toshkentda hamkasblar bilan birgalikda “Shanxay ruhi”dagi qo‘shma faoliyatimiz davom ettirilishini kutyapman. Bunda ShHT a’zolari bo‘lgan davlatlar orasidagi o‘zaro ochiqlik siyosati yanada kengayadi, savdo-investitsiyaviy tartib-taomillarni soddalashtirish va liberallashtirish darajasi oshadi, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya g‘oyasi ilgari suriladi, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun inklyuziv ochiq maydon yaratiladi.

Donishmand Konfutsiy aytganidek: “Muvaffaqiyatga erishishga intilar ekan, boshqalarga ham yordam bergan kishigina chinakam olijanob inson hisoblanadi”.

ShHT a’zolari bo‘lgan barcha davlatlarning BMT shafeligida dunyo tuzilishini himoya qilish, Jahon savdo tashkilotining hal qiluvchi rolini saqlab qolgan holda ko‘p tomonlama va erkin savdo tizimini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ShHTning butun xalqaro hamjamiyat bilan ochiq hamkorlik qilishi bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirishdan umidvormiz.

Ochiqlik siyosatini kengaytirish kelgusida hamkorlik va taraqqiyot sari yetaklaydi. Xitoyning ochiq eshiklari yopilmaydi, ular yanayam kattaroq ochilishi mumkin. O‘zbekiston bilan, ShHTning boshqa a’zolari bilan va umuman, jahonning barcha mamlakatlari bilan qo‘lni qo‘lga berib, ochiqlik yo‘lidan birgalikda gullab-yashnash sari boramiz.



Manba: xs.uz