Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Lev Sverdlov: pandemiyaga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik zarur
20:47 / 2020-04-09

Bugun dunyo hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar koronavirusga qarshi kurashmoqda.


Bugun dunyo hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar koronavirusga qarshi kurashmoqda. Har bir mamlakat bu borada oʻzining milliy dasturini ishlab chiqdi va shu asosda virus balosidan qutilishga harakat qilmoqda. Bu jarayonlarda bir-biriga koʻmak berish, tajriba almashish maqsadida onlayn anjumanlar ham tashkil etilmoqda.

Bugun ana shunday onlayn anjuman Oʻzbekiston va Germaniya tibbiyot muassasalari rahbariyati, shifokorlar va virusologlari ishtirokida tashkil etildi. Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Germaniyaning “OPASCA German Oncology Solutions GmbH“ kompaniyasi hamkorligida oʻtkazildi.

Ushbu kompaniya loyihalarining mamlakatimizdagi koordinatori Lev Sverdlov OʻzA muxbiriga telefon orqali bu haqda oʻz munosabatini bildirdi.

– “Koronavirusga qarshi kurashish va davolash boʻyicha tajriba almashish” mavzuida oʻtkazilgan onlayn anjumandan maqsad Oʻzbekistonda pandemiyaga qarshi kurashish va oldini olishda nemis shifokorlari tajribasi bilan oʻrtoqlashish. Frayburg universiteti klinikasi mutaxassislari pandemiya bilan bogʻliq Germaniyada koʻrilayotgan choralar, bemorlarni davolash va bu boradagi koʻnikmalar haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Anjumanda Oʻzbekiston tomonidan 250 ga yaqin shifokor va mutaxassis, Frayburg universitet klinikasi bosh direktori Frederik Vens, ushbu klinikaning koronavirusga qarshi kurashish shtabi boshligʻi Torsten Hammer qatnashdi.

– Anjumanda nemis mutaxassislari koronavirusni yuqtirgan bemorlarni davolashda qanday tavsiyalar berdi?

– Doktor Frederik Vensning taʼkidlashicha, barcha kasallikni davolashda tizimning har jihatdan puxta tayyorgarligi va ishlarni zamon talabi darajasida tashkil etish bilan bogʻliqdir. Bu borada Germaniya tibbiyoti talablarga toʻliq javob beradi. Bugungi pandemiyaga qarshi kurashishda ham shu tajriba qoʻl kelmoqda. Masalan, Germaniya tibbiyotining standarti boʻyicha bir million bemor uchun 150 jonlantirish koykasi va odatiy davolash uchun 300-350 koyka boʻlishi talab etiladi. Bu esa bemorlarni ambulator davolashning yaxshi yoʻlga qoʻyilgani hisobidandir. Italiya va Ispaniyadagi bugungi holat aynan shu talablarga javob bermagani sababli sodir boʻldi. Toʻgʻri, bugungi kunda Germaniyada koronavirusga chalinganlar soni oshib bormoqda. Lekin davlatdagi tibbiy tayyorgarlik tufayli bu virus bilan kurashishda ortiqcha sarosimaga borilmayapti.

Bugungi kunda Germaniyada virus bilan kurashishda shifokorlar toʻrt guruhga boʻlingan holda tibbiy xizmat koʻrsatmoqda. Birinchi va ikkinchi guruh bemorlarni davolamoqda. 3-guruhdagi shifokorlar uyda, toʻrtinchi guruhdagilar esa zaxirada turibdi. Nemis mutaxassislari koronavirusga chalingan bemorlarga testdan koʻra, oʻpkani tomografiya qilishga koʻproq eʼtibor qaratmoqda. Chunki bu usul arzon va vaqtdan yutishga qaratilgan. Virusning yengil simptomlari kuzatilayotgan bemorlar oʻz uyida qoldirilib, ular internet orqali shifokorlar tavsiyasi asosida davolanmoqda. Albatta, ularning koʻchaga chiqishi va yaqinlari bilan muloqot qilishi mumkin emas. Bundan tashqari, anjumanda karantin, izolyatsiya qilish masalalari yuzasidan ham fikrlar bildirildi.

– Onlayn muloqotning amaliy natijalari haqida nima deya olasiz?

– Har qanday tajriba bu kabi oʻzaro ilmiy seminarlar, davra suhbatlari samarasida paydo boʻladi. Garchi, bizning kompaniyamiz onkologik kasalliklarni davolash uchun tibbiy uskunalarni amaliyotga tatbiq etish bilan shugʻullansa-da, shifokorlar bilan doimiy hamkorlikda ishlaymiz. Hatto ular bilan yaqin qadrdonlarday muloqotdamiz. Qolaversa, oʻzim Oʻzbekistonda tugʻilib, oʻsganman. Bu yurt mening Vatanim. Vatandoshlarimning bu darddan azob chekishini sira istamayman. Ayni masalada qoʻlimizdan qanday yordam kelsa, ayamaymiz. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi taklifi bilan mazkur anjumanni tashkil etishga bosh-qosh boʻldik.

Endi anjuman natijasiga kelsak, oʻzbek shifokorlari tomonidan juda koʻplab savollar berildi. Demak, bunday muloqot ayni pandemiya davrida juda zarur boʻlayotganini sezish qiyin emas. Ular bu kabi onlayn anjumanni muntazam tashkil etish taklifi bilan chiqdi. Kompaniyamiz bu taklifni inobatga olib, Oʻzbekistonda pandemiya oʻtgunga qadar yana anjumanlarni uyushtiradi.

– Oʻzbekiston va Germaniyada pandemiyaga qarshi koʻrilayotgan choralar haqida ham toʻxtalsangiz.

– Oʻzbekistonda virusga chalinganlar koʻp emas. Ammo Oʻzbekiston hukumati tomonidan qatʼiy tadbirlar amalga oshirildi. Buni men yuqori baholayman. Karantin holatining joriy qilinishi, avtoulovlar harakatining tartibga solinishi, hududlardagi cheklovlar, sanitar-gigiyenik talablar albatta yaxshi natija beradi. Bemorlar orasidan sogʻayib chiqayotganlarni eshitish esa oʻzbek shifokorlarining haqiqiy jasoratidir.

Germaniyaga kelsak, bu yerda ham milliy tartiblar qoʻllanilmoqda. Ommaviy toʻplanish, koʻchada ikki kishidan ortiq yurmaslik, oʻzaro muloqotda masofa saqlash, magazinlarga kirishda belgilangan talablarga amal qilish shart. Har bir doʻkon va boshqa ommaviy joylarga sanitar ishlov berilmoqda. Lekin Germaniyada ommaviy karantin holati joriy qilinmadi. Faqat Bavariya va Friburg shaharlarida virus yuqtirganlar koʻp boʻlgani uchun bir qator cheklovlar qilindi. Hozir bu shaharlarga kirish va chiqish taqiqlangan.

Bugun barchamizning niyatimiz bitta: bu ham boʻlsa, shu virus balosidan qutilishdir. Yaqin oylarda dunyo boʻyicha bu xavf ortda qoladi va barchamiz osuda hayotga qaytamiz, deb ishonamiz.

OʻzA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAYEVA
suhbatlashdi