Uzbekistan Airways kompaniyasi Chexiyada ishlab chiqarilgan LET L-410 rusumli ikkinchi yengil samolyotni qabul qildi. Ushbu samolyot O‘zbekistonning Zomin, Zarafshon, Shahrisabz, So‘x va boshqa shaharlariga parvozlarni amalga oshiradi.
Yangi samolyotning parvoz xususiyatlari har tomonlama puxta tekshiruvdan o‘tkazilganidan so‘ng Chexiyaning Kunovitse shahridan havoga ko‘tarildi. Samolyot yoqilg‘i quyish uchun Bolgariya, Turkiya, Armaniston, Ozarbayjon va Turkmanistonda oraliq qo‘nishlarni amalga oshirdi.
LET L-410 turbovintli samolyoti 19 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, u deyarli har qanday turdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, jumladan uzunligi 510 metr va undan yuqori bo‘lgan o‘ta qisqa yo‘laklarda ham uchish va qo‘nishlarni amalga oshira oladi.
Bortdagi elektron jihozlar zamonaviy kommunikatsiya va Garmin GPS navigatsiya tizimlari bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, bu rusumdagi birinchi samolyot Toshkentga iyul oyining o‘rtalarida olib kelingan edi. Hozirgi kunda unda poytaxtimizdan Samarqand va Zominga parvozlar amalga oshirilmoqda.
Roman BONDARCHUK, O‘zA.