Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Lazzat karamel”ning lazzatli mahsulotlari
14:13 / 2014-07-03

Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan “Lazzat Karamel” O‘zbekiston-Shveytsariya qo‘shma korxonasi – ulardan biri. 2011-yilda tashkil etilgan mazkur korxonada ilg‘or texnologiyalar asosida qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladi.


Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil 31-oktabrda qabul qilingan “2012-2015-yillarda respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori oziq-ovqat sanoatining izchil taraqqiy etishida muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Bu jarayonga xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, ko‘plab qo‘shma korxonalar tashkil etilayotgani ishlab chiqarish sifati va salmog‘ini oshirishga xizmat qilayotir.


Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan “Lazzat Karamel” O‘zbekiston-Shveytsariya qo‘shma korxonasi – ulardan biri. 2011-yilda tashkil etilgan mazkur korxonada ilg‘or texnologiyalar asosida qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Korxonadagi mahsulot tayyorlash va qadoqlashda foydalaniladigan zamonaviy uskunalar Germaniyaning “Hansel Processing” va Italiyaning “Acma” kabi yetakchi kompaniyalaridan keltirilgan. “Lazzat Karamel” yiliga to‘rt ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ushbu sanoat muassasasi tomonidan tayyorlanayotgan o‘ttizdan ortiq turdagi lazzatli shirinliklar iste’molchilarga ma’qul kelayotir.

Korxona mahsulotlari sifat sertifikatlariga ega, ISO 9001:2008 xalqaro standartiga mos. Qo‘shma korxona mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Oziq-ovqat sanoati – WorldFood Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, istiqbolli shartnomalar tuzmoqda, xaridorlar safini kengaytirmoqda.

– Korxonamizda tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlarining sifati, shirinligi xorijnikidan aslo qolishmaydi, – deydi korxona bosh direktori Abdullajon Ibrohimov. – Mahsulotlarimiz mamlakatimizdagi barcha xonadonlarga kirib borayotganidan xursandmiz. O‘zbekistonda biznes uchun yaratilgan keng imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, mahsulotlar turini ko‘paytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va shu orqali xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shish niyatidamiz.

Qulay iqtisodiy muhit, ilg‘or texnologik jarayon, zamonaviy sanoat dastgohlari va jamoaning ishga munosabati natijasida ushbu muassasa qisqa fursat ichida mamlakatimizdagi yetakchi korxonalardan biriga aylandi. Buni joriy yilning iyun oyida o‘tgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari alohida e’tirof etdi. Oziq-ovqat mahsulotlari savdosiga ixtisoslashgan qator xorijiy kompaniyalar ushbu qo‘shma korxona bilan hamkorlikka qiziqish bildirdi.

“Lazzat Karamel”da ishlab chiqarish qamrovi yil sayin kengayib, mahsulot turi ko‘payib borayotir. Bu ishlab chiqarish hajmining tobora oshishiga xizmat qilmoqda. Misol uchun, 2013-yilda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 4,5 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda mazkur ko‘rsatkichni yigirma foizga oshirish mo‘ljallangan.

Korxonada oltmish nafardan ziyod ishchi mehnat qilayotir. Ularning ko‘pchiligini kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yoshlar tashkil qiladi.

– Toshkent politexnika kasb-hunar kollejini tamomlab, ushbu korxonaga ishga joylashdim, – deydi dastgoh operatori Farrux Saidov. – Kollejda ustozlarimdan olgan bilimimni amaliyotga tatbiq etgan holda mazkur korxona ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman. Ana shunday ahil jamoa bilan mehnat qilish ishimga unum, g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shmoqda. O‘qishni davom ettirish maqsadida Toshkent davlat texnika universitetiga hujjat topshirdim. Kelgusida o‘z kasbimning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishib, kuch-g‘ayratimni mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida sarflashni maqsad qilganman.