Portativ lazerli nur tarqatuvchi vositalar muomalasini tartibga solish, shuningdek, portativ lazerli nur tarqatgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni belgilash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur hujjat loyihasi bugun Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, lazerli nur tarqatgichlarni O‘zbekistonga qonunga xilof ravishda olib kirish va ulardan foydalanish holatlarining ko‘payishi fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, havo kemalari parvozlarining xavfsizligiga hamda jamoat tartibiga yuqori darajada tahdid tug‘dirmoqda. Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan yuqorida qayd etilayotgan noxush holatlarning oldini olish maqsadida qonunga rioya etmaganlarni tegishli tartibda javobgarlikka tortish masalasi nazarda tutilmoqda.

— Lazerli nur tarqatish vositalarini havo kemalari parvozlari vaqtida ularga qaratish va shu orqali ularning xavfsizligiga tahdid solish holatlari uchun amaldagi qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan, — deydi deputat Jumanazar Otajonov. — Ammo bu vositalar yo‘lda transport haydovchisining ko‘ziga qaratilsa, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois lazerli nur tarqatish vositalarini qonunga xilof ravishda O‘zbekiston hududiga olib kirganlik, ulardan noto‘g‘ri foydalanganlik, noqonuniy saqlaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Bu harakatlarning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, ma’muriy jarimalar ko‘zda tutilmoqda. Masalan, lazerli nur tarqatish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalansa, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 15 baravaridan 25 baravarigacha, bu vositalarni ishlab chiqarish, tayyorlash va saqlash kabi harakatlar uchun esa BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha, uni O‘zbekiston hududiga olib kirganlik uchun esa BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima jazosi qo‘llanilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu o‘rinda taqiqlangan, qonunga xilof ravishda qo‘llaniladigan lazerli vositalar haqida gap ketyapti. Chunki bugungi kunda ko‘pgina sohalarda lazerli nur tarqatish vositalaridan foydalaniladi. Tibbiyotda, sanoatda foydalaniladigan, ammo O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ayrim uskunalarni O‘zbekistonga olib kirish uchun davlat bojidan ozod qilish holatlari qonunchiligimizda belgilangan. Faqatgina qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalarni buzgan holda, qonunga xilof ravishda bu vositalarni olib kirish va foydalanish uchun javobgarlik ko‘zda tutilmoqda, — deydi deputat.
Qonun loyihasining qabul qilinishi lazerli nur tarqatish vositalaridan noqonuniy foydalanish va noxush holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA