Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan Turkiyada ayollar o‘rtasida W35, Shri-Lankada esa o‘smirlar o‘rtasidagi J30 tasnifiga kiruvchi musobaqa o‘tkazilmoqda. Ushbu turnirlarda mamlakatimiz sharafini Layma Vladson va Hamidjon Mansurov himoya qilmoqda.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Antaliya shahri mezbonlik qilayotgan xotin-qizlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda Layma Vladson yakkalik bahslarning ilk bosqichida gruziyalik Sofiya Shapatovani 6:4, 6:0 hisobida taslim etdi va ikkinchi davrada italiyalik Jennifer Ruggeriga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi.
Hamidjon Mansurov esa Kolomboda davom etayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqaning juftlik bahsida koreyalik sherigi Yunho Park bilan tandemda yarim finalga chiqdi.
Darvoqe, Hamidjon va Yunho birinchi bosqichda yaponiyalik Kenshin Sato va xitoylik Boshi Vangni 6:4, 0:6 va 11:9 hisobida taslim etgan bo‘lsa, chorak finalda avstraliyalik Suyash Makesar va yaponiyalik Asahi Yamazaki duetini 4:6, 6:3, 10:8 hisobida yendi. Final ostonasida Xitoy Taypeyi vakili Bing Huan Tsai va xitoylik Yu Ting Vu juftligi bilan kuch sinashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA