Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Laylo Rustamova: “Metodik kunlar ortiqcha hujjatbozlik va byurokratiyaga sabab bo‘lgan”
13:42 / 2022-12-13

Ma’lumki, tegishli tartibga ko‘ra, o‘qituvchilar uchun Metodik kunlar bekor qilindi. Xo‘sh, Metodik kunlarning bekor qilinishiga asosiy sabab nima bo‘ldi?

Bu haqda Xalq ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova quyidagilarni ma’lum qildi.  

– Uzoq vaqt mobaynida fan o‘qituvchilarining o‘z ustida ishlashlari,  kasbiy mahoratini oshirib, o‘z bilimini muntazam boyitib borishlari maqsadida Metodik kunlar o‘tkazib kelingan. Afsuski, amaliyotda Metodik kunlar ortiqcha hujjatbozlik va byurokratiyaga sabab bo‘lgan. Ayrim pedagoglar tomonidan esa belgilangan o‘quvlarga bormay, Metodik kunga qo‘shimcha dam olish kuni sifatida qarash yuzaga kelgan. Bundan tashqari, Metodik kunlar davomida o‘qituvchilarning maktabga bormasligi oqibatida dars jadvallarida nomuvofiq holatlar yuzaga kelgan.  

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan 61 foizdan ortiq o‘qituvchilar Metodik kun o‘rniga boshqa kunlardagi dars soatlarini taqsimlab, hafta davomida ortgan bo‘sh vaqtlarda maktabda o‘z malakasini oshirish ma’qul ekanligini ta’kidlab o‘tgan.  

Masalan, avvalgi tartibga ko‘ra, dushanba “Matematika va informatika” fani metodik kuni etib belgilanib, shu kunda butun respublika bo‘yicha matematika va informatika fanlari o‘qitilmagan. Boshqa kunlarda esa 4-6-soatlarga ushbu fanlar qo‘yilgan. Tabiiyki, fanlarning katta ko‘lamda va ayrim holatlarda haftaning oxirgi kunlariga qo‘yilishi o‘quvchilarning ushbu fanlarni o‘zlashtirishida qator qiyinchiliklar tug‘dirib kelgan.  

Metodik kunning bekor qilinishi orqali ustozlarning uzoq masofalarga qatnab, seminarlarda majburiy ishtirok etishi oldi olinadi. Ularning mustaqil o‘z ustilarida ishlashlari uchun imkoniyat yaratiladi. Bunda pedagoglardan yaratilgan onlayn platformalar orqali o‘z malaka va tajribasini muntazam ravishda oshirib borish so‘raladi. Shuningdek, yangi tartib dars jadvalida dastlabki dars soatlarida kimyo, geometriya, fizika, algebra, ona tili, chet tillari kabi murakkab fanlarni qo‘yish orqali bu fanlarni o‘zlashtirilishiga keng imkoniyat yaratadi.  

Mazkur o‘zgarishdan so‘ng ayrim o‘qituvchilar tomonidan Metodik kun bekor qilinishi sababli boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun 6 kunlik ta’limga o‘tilishi to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda.  

Shu o‘rinda alohida to‘xtalib o‘tish lozimki, boshlang‘ich sinflardagi o‘quv jarayoni avvalgidek besh kunlik ta’lim asosida davom ettirilib, bu tartibga hech qanday o‘zgarish yoki qo‘shimchalar kiritilmagan.  

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari shu kunga qadar davom etgan tartib doirasida shanba kuni o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy pedagogik jarayonga oid yillik ish rejasida har bir pedagog xodimning lavozim majburiyatlarida belgilangan vazifalar bilan shug‘ullanishlari tavsiya etiladi.  

Maktab o‘quvchilari uchun II chorakning so‘nggi kuni 27 dekabrga to‘g‘ri kelib, 28 dekabr kuni qishki ta’tilning ilk kuni sanaladi. Ta’til 14 kalendar kun davom etadi va III chorak 2023 yilning 11 yanvaridan boshlanadi, – dedi Laylo Rustamova.  

 

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.  

O‘zA