Laylaklar ezgulik qushi, tinchlik va xotirjamlik timsoli, bolajonlik belgisi hisoblanadi. Ularning o‘ziga xos xususiyatlari shundaki, ona laylaklar 3-5 ta tuxum qo‘yadi, ota laylak bilan ikkala jins ham tuxumini 30 kuncha galma-galdan bosadi. Bundan ota va ona laylaklarning oilasiga birdek mehrli ekanini bilish mumkin.
Yangiyo‘l tumanidagi Obod mahalla hududida 300 ga yaqin laylak uyasi bor. Aholining aytishicha, ilgari laylaklarning 500 ga yaqin inlari bo‘lgan ekan.
Bu yerdagi laylaklar muhofazasi bilan kimlar shug‘ullanishi, nega aynan ular ushbu hududni tanlagani bilan qiziqdik.
"Obod mahalla" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qimmatxon Mamatqulovaning so‘zlariga ko‘ra, laylak inlari 2010 yilda 5-10 tadan iborat bo‘lgan. Sekin-asta ko‘payib, Amir Temur ko‘chasidan boshlangan inlar, Yoshlik ko‘chasiga ham o‘tgan. Avvalo, laylaklarning bu yerda yashashi uchun shart-sharoit bor, ya’ni bu yerning tabiati chiroyli: mahallada darxtlar ko‘p. Chirchiq daryosiga yaqin bo‘lgani sababli, havosi toza. Laylaklar, asosan, mahalla ahli tomonidan nazorat qilinadi. Yoshu qari ularni asrab avaylaydi, hech kimning zarar yetkazishiga yo‘l qo‘ymaydi.
– Bu laylaklar mahallamiz ramzi, shu sababli mahallamiz xalq orasida “laylak mahalla” deb yuritiladi. Bu qushlar qayer tinch, sokin bo‘lsa, o‘sha yerga uchib keladi, o‘sha joyga tuxum qo‘yib, bolalarini uchirma qiladi. Har yili noyabr oyida Hindiston tomonlarga uchib ketib, yanvar oyining oxirlarida O‘zbekistonga qaytadi. Qaytgach, eng birinchi qiladigan ishi inini to‘g‘rilab, tuxum qo‘yishga harakat boshlaydi. Bu yil qish iliq kelgani uchun ular uchib ketmadi. Hozir mahalladagi tomorqalardan yumshoq cho‘plarni yig‘ib, inlarini ta’mirlayapti. Mart oyidan keyin tuxum qo‘yib, bola ochgach, polaponlarini iyun oylarida uchirma qiladi. Bola ochganidan so‘ng ota-ona laylaklar uni boqish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Polaponi voyaga yetib, mustaqil bo‘lgach, uchib ketadi.
Bilasizmi, laylaklar 4 tadan tuxum qo‘yadi. Bitta yomon tomoni, bolasi yerga tushib ketsa unga qaramaydi, mag‘rur qush, desa ham bo‘ladi. Ilon, qurbaqalarni tutib yeydi. Ammo qo‘l bilan don bersangiz, yemaydi.
O‘tgan yili bir nechta laylak bolalari hovlimizda yashab yurdi. Nevaralarim ko‘tarib, don berib boqdi. Kuchga kirganidan so‘ng uchib ketdi, – deydi mahalla faoli Sobitjon Ziyayev.
Mahalla ahlining aytishicha, mana shu laylaklar ularga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlar ekan. Bordiyu birorta laylak bolasi tepadan tushib ketib, jarohat olsa yoki halok bo‘lsa chuqur qayg‘uga botadi. Sababi, ular laylaklar bilan birga yashashga o‘rganib qolgan.
Ertalab ostona hatlab ko‘chaga chiqishlari bilan nigohlari laylaklar va ularning bolalariga tushadi, bunday manzaradan kayfiyatlari ko‘tariladi.
– O‘tgan yili qishda simlardan olov chiqib yonib, bitta laylak bolasi nobud bo‘ldi, – deydi Sobitjon Ziyayev. – Mahalla faollarining sa’y-harakati bilan simyog‘och qayta ta’mirlandi. Elektriklar ko‘chalardagi eski simyog‘ochlarni almashtirishganida laylaklarnikiga tegishmadi. Chunki, inini yangi joyga ko‘chirsangiz, u yerda yashamaydi. O‘zining uyini yaxshi ko‘radi.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/X83RoMAjSCo" title="Laylaklar – tinchlik elchisi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Ushbu mahallada yashovchi bolalar ham laylaklarga biror marta tosh otib, ularni qo‘rqitmaydi. Sababi, laylaklarga qayerdaki qo‘pol muomalada bo‘linsa, ular o‘sha joyga qaytib kelmaydi. Yosh bolalar ham ularning o‘z holicha yashashiga sharoit yaratib beradi.
Mahalla faollari turizmni rivojlantirish maqsadida xonadonlarda mehmonxonalar tashkil qilib, xorijliklarni jalb qilishni rejalashtirgan.
Nigora Rahmonova,
Anvar Ahmedov (video), O‘zA