So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, fuqarolarni haqorat qilish, uyatli so‘zlar bilan so‘kish kabi mayda bezorilik holatlari tez-tez uchramoqda. Endilikda mazkur holatlar uchun ma’muriy jarima qo‘llash taklif etilmoqda.
Shuningdek, ayrim fuqarolar, ayniqsa, yoshlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari uchun turli kontentlar olish, “layk” to‘plash, sahifasi a’zolarini ko‘paytirish maqsadida turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarni sodir etib, uni tasvirga tushirgan holda internetda tarqatish holatlari ham ko‘payib bormoqda. Bunday huquqbuzarliklarni, belgilangan tartib-qoidalarni mensimaslikni targ‘ib etganlik uchun ham jarimalar belgilanmoqda.
Bu boradagi normalar O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishga oid qonun loyihasida belgilab qo‘yilmoqda. Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilindi.
[gallery-27431]
Bundan tashqari, deputat Xushvaqt Hayitovning qayd etishicha, garovga qo‘yilgan mol-mulkni o‘zlashtirib olish, talon-toroj va rastrata qilish holatlari uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Ayniqsa, banklar va kredit tashkilotlaridan olingan kredit yoki qarzning kafolati sifatida garovga qo‘yilgan mol-mulkni o‘zlashtirish holatlari sodir etilmoqda. Endilikda bunday holatlar uchun ham javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihaga ko‘ra, xorijdagi qurolli to‘qnashuv va urush jarayonlariga fuqarolarni jalb etishni targ‘ib qiluvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolar ham javobgarlikka tortiladi.
Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari mazkur qonun loyihasi muhokamalarida loyiha band solingan yoki garovga qo‘yilgan mol-mulk egalari huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishining oldini olish, shuningdek, huquqbuzarliklarni targ‘ib qiluvchi materiallarning ommaviy axborot vositalari va Internet orqali tarqalishiga chek qo‘yishga qaratilganini ta’kidladi.
Bir qator savol va takliflar o‘rtaga tashlanib, bugun axborot texnologiyalari keng rivojlangan bir davrda ushbu normalarning muhimligi alohida qayd etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA