Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Layk” qurboni bo‘lgan “Tik-tok”chi
11:26 / 2022-04-22

Texnika rivojlangani sari insoniyat uchun qulayliklar tobora kengaymoqda. Ayniqsa, elektron qurilmalar nafaqat muloqot va axborot, balki ko‘ngilochar vositaga aylandi. Axir telefon apparati orqali qo‘shiq eshitish, kitob o‘qish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va turli o‘yinlar o‘ynash mumkin.

Albatta, bundan o‘z o‘rnida, me’yorida foydalanish kerak. Ammo bu cheksiz olamda chalg‘ib qolishdan yomoni yo‘q. Turli g‘irrom, jangari o‘yinlar, hayosiz filmlar, turli oqimlar tashlagan tuzoqlar bari-bari shu yerdaki, bu  yoshlarni o‘z domiga osongina tortib oladi. Oqibatda esa...

Shahriyor Mahmudov (ism-shariflar shartli) ham ijtimoiy tarmoqlarning “faol” foydalanuvchilaridan edi. U shu darajada bog‘langan ediki, yaqinlariga quloq solmas, ertasini umuman o‘ylamas edi.

Shahriyor voyaga yetib borarkan, “Tik-Tok”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga turli bachkana videoroliklar, suratlarni joylab, tarbiyadan tamomila uzilib tartibsiz hayot kechirishga moslashib borardi. Uning tuni ham kuni ham faqat virtual olam ichidagi turli beo‘xshov taqlid videoroliklar, onlayn muloqot va soxta tuyg‘ularga asir bo‘lib o‘taverdi.

Xuddi o‘zi kabi tengdoshi Amir Akbarov bilan tanishib qolarkan, “virtual dunyolari”ni birlashtirib, yanada ko‘proq “obunachi”larni jalb etishni reja qilishdi. Turli mazmundagi bachkana video va suratlarni ko‘paytirib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashni ko‘paytirishdi.

– Sen menga obunachilar va “post”larimdagi “layk”ni ko‘paytirishga yordamlashasan, men seni haqingni berib boraman, – dedi Shahriyor.

Kafolatsiz taklif Amirga ham ma’qul tushib, turli “ijod” namunalarini tashlay boshladi. Kunlar o‘tib borarkan, Amirning  Shahriyordagi haqqi 500 ming so‘m bo‘lganda, u avval pulini to‘lasa keyin ishni davom ettirishini aytdi. Bu, tabiiyki, Shahriyorga yoqmadi va ikkovlon tortishib qoldi.

Har ikkovi ham tajang va qaysar ediki, ularning tortishuvi  mushtlashuvga aylanib ketdi. Ammo Shahriyor jismonan kuchsiz bo‘lib, yengilayotganini sezib, bir zum to‘xtadi va qo‘lini ko‘tardi. Hozir pulni olib chiqaman, deya uyiga kirib ketdi. Amir bundan mamnun bo‘lib, ust-boshini mag‘rurona qoqayotgan payt Shahriyorning kelayotganini sezib  boshini ko‘tardi. Ammo shu payt birdan ko‘ksiga bir nima qadaldi-yu, uning ko‘zi tinib, boshi aylana boshladi...

Vajohatini ichiga yutishga majbur bo‘lgan Shahriyor uyiga kirib oshxona pichog‘ini olib chiqqan edi.  U o‘rtog‘ining ko‘ksiga pichoqni bir emas, bir necha marta sanchdi.

Endigina yigirmaga kirgan bir yigit juvonmarg bo‘ldi. Biri esa qasddan odam o‘ldirish jinoyati bilan aybli, deb topilib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Afsus... Biroq, endi nadomat chekish befoyda. Zotan, vaqtida malham qo‘yilmagan yara albatta gazak olib, shunday oqibatga olib kelishi muqarrar edi.  
Xo‘sh, bu qadar vaxshiylik, alamzadalik, jangarilik asosi nima edi? Anglaganingizdek, o‘sha “layk” qayg‘usidagi qarzdorlik mojarosi fojiali  yakun topdi.

Xulosa shuki, har bir farzand jamiyat va millatimizning ertangi hayotiga daxldor mustahkam poydevordir. Shunday ekan, ularning “virtual olami” nazoratdan chetda qolmasligi kerak. 

Akrom ARIPOV,

Oliy sud bosh konsultanti

O‘zA