Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Lavrovdan so‘ng Peskov ham Trampga murojaat qildi (+video)
19:53 / 2025-11-13

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytishicha, Kreml Ukraina bilan “harbiy mojaroni hal etish masalasida” AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan aloqalarni qayta tiklashga umid qilmoqda. Bu haqda Peskov CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Moskva Vashington bilan munosabatni “Amerika qay darajada tayyor bo‘lsa, xuddi shunday tezlik bilan” yo‘lga qo‘yishga tayyor. Eslatib o‘tamiz, bundan bir kun oldin Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham ayni mazmundagi bayonot bilan chiqqan edi.

– Biz chin dildan umid qilamizki, Prezident Tramp Ukraina muammosini siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal etish uchun  ko‘mak berishga hali ham tayyor, – deya umid bildirgan Peskov.  

Shuningdek, “ikkala mamlakat o‘rtasidagi munosabatni yaxshilash, savdo va iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratish” zarurligini ta’kidlab, “tomonlar oldida juda yorqin istiqbol ochilgani”ni qo‘shimcha qilgan. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi ayni vaziyat “vaqt, pul va boshqa yo‘qotishlarga” olib kelmoqda, xolos. 

Matbuot kotibining bu bayonoti Sergey Lavrovning murojaatidan so‘ng yangradi. Eslasangiz, Lavrov ham amalga oshmay qolgan AQSH va Rossiya yetakchilari o‘rtasidagi Budapesht uchrashuvini qayta tashkil etishga chaqirgan edi. Nima uchun Kremldan ketma-ket bunday chaqiriqlar yangrab qoldi? Bu harakatlar zamirida ikki maqsad borligi taxmin qilinmoqda. Birinchisi, sanksiya bosimini yumshatish va Rossiyani “yolg‘izlanib qolgan davlat” maqomidan chiqarish. Ikkinchisi, cheklovlar sabab Rossiya iqtisodiyotidagi yo‘qotishlarni kamaytirish va savdo aloqalarini qisman bo‘lsada tiklash. Shu bois, Trampning siyosiy uslubi va Rossiyaga nisbatan yumshoq pozitsiyasi ayni dam Kreml uchun qulay imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda. Peskov “Ukraina mojarosini siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal etish” haqida gapirsa-da, Rossiya tomoni bugungi kungacha frontdagi faol harakatini to‘xtatmagan. Shu bois, Kremlning “tinchlik muzokaralari” tashabbusi ishonarsiz bo‘lsa-da, ko‘pchilik tahlilchilar tomonidan diplomatik imij yaratish harakati, ya’ni xalqaro tanqidlarni yumshatishga urinish sifatida baholanmoqda.

Kremlning Tramp orqali muloqot yo‘lini izlashi Rossiyaning strategik qamaldan chiqishga intilishiga o‘xshaydi. Binobarin, urush to‘xtamaguncha va Moskva real siyosiy yon bosishga o‘tmaguncha, bu tashabbus xalqaro maydonda jiddiy qabul qilinishi ehtimoli kamdek. Peskov va Lavrovning bayonotlari ko‘proq diplomatik yo‘l bo‘lib, G‘arb jamoatchiligiga “Rossiya muzokaralarga tayyor” degan tasavvurni yetkazish ko‘zlangan, xolos.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NPyRimS86js" title="Lavrovdan so‘ng Peskov ham Trampga murojaat qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA