Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSHga murojaat yo‘llab, Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi sammitga tayyorgarlikni qayta tiklash taklifini bildirdi. Bu haqda mulozim RF ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum qildi.
Oktyabr oyi oxirida Budapeshtda uyushtirilishi mo‘ljallangan mazkur uchrashuv Kreml Ukrainaga qarshi harbiy harakatni to‘xtatmagani sababli amalga oshmay qolgan. Urushni tugatishga qat’iy bel bog‘lagan Tramp Rossiya qo‘ygan talabdan hafsalasi pir bo‘lib, samarasiz muloqotdan shu tariqa voz kechdi. Shunday vaziyatda Lavrov kutilmagan fikr bilan chiqdi:
– Moskvada amerikalik hamkasblar bilan sammitga tayyorgarlik jarayonini qayta boshlash masalasini muhokama qilishga tayyormiz!
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Agar AQSH vakilalari ham o‘z taklifini yangilasa, uchrashuv uchun Budapesht afzal joy bo‘lib qolaveradi. Afsuski, tajribali siyosatchi “taklifni yangilash” deganda nimani nazarda tutganiga izoh bermagan.
Ma’lumki, Lavrov AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan oxirgi marta 20 oktyabrda suhbatlashgan. O‘shanda diplomatlar telefon orqali Budapesht sammitiga hozirlik mavzusini ko‘targan. Shundan so‘ng AQSH davlat kotibi Trampga uchrashuvni bekor qilish tavsiyasini bergan va buning ortidan RFga qarshi keng miqyosli sanksiya joriy etildi.
Rossiya tashqi siyosat idorasi rahbari fikricha, “o‘shanda sammit nima uchun bekor qilingani hamon tushunarsiz”. Qiziq, Lavrovning “tushunmasligi” diplomatik o‘yinmi yoki soddalik?
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vtefx1e53Hk" title="Lavrov RF – AQSH sammiti bekor qilingani sababini tushunmayapti(mi?)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA