Latviya mahalliy hokimiyat va hududiy boshqaruv uyushmasi 1991 yilda tashkil etilgan. Uyushma Latviya shahar va tumanlarini birlashtirgan holda, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish siyosati va tizimini rivojlantirish, hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Yevropa mamlakatlarida davlat boshqaruvi hamda mahalliy hokimiyat tizimini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining navbatdagi tashrifi Latviya Respublikasiga bo‘ldi. Tashrif Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari, Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahar Kengashlari deputatlaridan iborat delegatsiya a’zolari tashrif doirasida Latviya parlamenti, shahar va tuman hokimiyatlari, shuningdek, mahalliy hokimiyatlar uyushmalari rahbariyati bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdilar.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Latviya mahalliy hokimiyat va hududiy boshqaruv uyushmasi (Latvian Association of Local and Regional Governments – LALRG) rahbariyati bilan uchrashdi. Uyushma raisi Gints Kaminskis va bosh kotib Mudite Yuxna bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirish, mahalliy kengashlar va ijro hokimiyati organlari o‘rtasidagi munosabatlarni samarali muvofiqlashtirish masalalari keng muhokama qilindi.
Uchrashuv chog‘ida davlat xizmatchilarining mas’uliyat va vakolatlarini aniq taqsimlash, samarali hisobdorlik va jamoatchilik nazorati tizimlari, ortiqcha ma’muriy aralashuvning oldini olish bo‘yicha amaliy mexanizmlar ko‘rib chiqildi.

Delegatsiyaning navbatdagi uchrashuvi Riga shahar hokimligi bo‘ldi. Shahar hokimligi ijrochi direktori Yannis Lange bilan suhbat chog‘ida poytaxt shahar boshqaruvining zamonaviy modeli, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash usullari, mahalliy organlar o‘rtasida vakolatlar taqsimoti va mas’uliyat chegaralarini aniq belgilash bo‘yicha tajribalar o‘rganildi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.
O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, mahalliy kengashlar rolini kuchaytirish, ijro hokimiyati samaradorligini oshirish va aholi oldida hisobdorlikni mustahkamlashga qaratilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
– Tashrif davomida olingan tajribalar O‘zbekistonda mahalliy boshqaruv tizimini isloh qilish, aholi manfaatlariga yaqin, ochiq va hisobdor boshqaruvni yo‘lga qo‘yish jarayonlarida asqatishi shubhasiz, – deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Delegatsiyamiz bilan ikki davlat ekspertlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish va Latviyaning davlat boshqaruvi hamda mahalliy hokimiyat tizimini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llab ko‘rish, o‘zimizning sharoitga muvofiq moslashtirish bo‘yicha yo‘nalishlarni belgilab oldik. O‘ylaymanki, bu kabi ilg‘or tajribalar kelgusida mamlakatimiz boshqaruvi, xalq bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni yanada rivojlantirish, umuman, jamiyatimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.
Ushbu davlatning Yurmala shahri, shuningdek, Latviya parlamenti (Saeima)da bo‘lib o‘tgan muloqotlar, shahar hokimi o‘rinbosari va ijrochi direktori hamda parlament a’zolari bilan uchrashuvlarda mahalliy kengash va ijro hokimiyati o‘rtasidagi hamkorlik, mas’uliyat taqsimoti, nazorat va hisobdorlik tizimlari, jamoatchilik bilan ochiq muloqot hamda mahalliy ijro hokimiyati boshqaruvida parlamentning roli, qonunchilik orqali joylardagi o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA