Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari R.Hakimov Latviya Respublikasi Davlat auditi idorasi rahbari Edgars Korchagins boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, jumladan, parlamentlararo hamkorlikning so‘nggi yillarda barqaror rivojlanib borayotgani e’tirof etildi. Mehmonlarga Qonunchilik palatasining faoliyati, qonun ijodkorligi jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Muloqot chog‘ida E.Korchagins O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi ishonchli va konstruktiv sheriklik munosabatlari mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda Latviya Davlat auditi va O‘zbekiston Hisob palatasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani, xususan, 2024 yilda o‘zaro muloqot yanada faollashib Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim hamda keyingi uch yilni qamrab oladigan Qo‘shma harakatlar dasturi imzolangani alohida qayd etildi.

Muloqotda moliyaviy audit sohasida tajriba almashish, ushbu sohada qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, mavjud moliyaviy tizimning samaradorligini baholash va boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish xususida so‘z yuritildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, auditorlik sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, o‘zaro tajriba almashish va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
M.Komilova, O‘zA