Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Latviya bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi
23:26 / 2022-02-07

Bugun, 7 fevral kuni transport masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Latviya ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov hamda Latviya Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Uldis Reymanis rahbarligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mamlakatlarimiz o‘rtasida transportning barcha turlari bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning muhim masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar havo transporti sohasidagi hamkorlikning ijobiy dinamikasini yuqori baholashdi. Xususan, 2021 yilda Toshkent – Riga – Toshkent yo‘nalishida muntazam qatnovlarning qayta tiklanganligini alohida e’tirof etib, ushbu yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va Latviya aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv protokoli imzolandi. Unga muvofiq “Uzbekistan airways” va “AirBaltic” aviakompaniyalari o‘rtasida tijorat hamkorligi kengaytiriladi.

Bu esa ikki mamlakat aviakompaniyalariga qo‘shma sheriklik qatnovlari (kod-shering) orqali parvozlar geografiyasini kengaytirish imkonini beradi. “Uzbekistan Airways” AJ yo‘lovchilari “AirBaltic” aviakompaniyasi qatnovlar tarmog‘ining Tallin (Estoniya), Vilnyus (Litva), Stokgolm (Shvetsiya), Kopengagen (Daniya), Xelsinki (Finlyandiya) va Amsterdam (Niderlandiya) kabi yo‘nalishlarida parvoz qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Uchrashuv davomida avtomobil transporti sohasidagi qo‘shma harakatlar samaradorligi masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, 2022 yil uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari uchun to‘lovlarning kamaytirilgani alohida e’tirof etildi.

Avtomobil transportida yuk tashuvlari hajmini ko‘paytirish hamda yuklarni yetkazib berish zanjiri uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha bildirilgan takliflarni Latviya tomoni qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Latviya transport vazirliklari o‘rtasida 2022 yilga mo‘ljallangan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

O‘zA