Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Lalmi yerlardan samarali foydalanish masalasi muhokama qilindi
12:19 / 2026-02-18

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida lalmi maydonlarda no‘xat yetishtirishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali o‘quv-seminar agrar sohadagi ustuvor vazifalarni yana bir bor dolzarb masala sifatida kun tartibiga olib chiqdi. Tadbirda asosiy e’tibor zamonaviy agrotexnologiyalarni, ayniqsa resurs tejamkor va iqlimga mos usullarni amaliyotga keng joriy etishga qaratildi.

Seminarda Qishloq xo‘jaligi vazirligining G‘allachilik va dukkakli don ekinlari bo‘limi boshlig‘i Q.To‘raqulov, shuningdek Baxmal, Sharof Rashidov, Zomin va Yangiobod tumanlari hokimlarining o‘rinbosarlari, fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etishdi. Muloqot chog‘ida lalmi yerlardan samarali foydalanish, hosildorlikni barqaror oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishning aniq mexanizmlari muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki,  “No-till” (inglizcha — yerni haydamasdan ekish) texnologiyasi tuproqqa mexanik ishlov bermasdan, an’anaviy shudgordan voz kechgan holda ekish usuli hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu texnologiyada urug‘ maxsus sepish agregatlari orqali bevosita o‘tgan mavsum o‘simlik qoldiqlari saqlanib turgan yer qatlamiga joylashtiriladi. Natijada tuproq namligi saqlanadi, shamol va suv eroziyasi xavfi kamayadi, organik moddalar miqdori ortadi. Ayniqsa, yog‘ingarchilik kam kuzatiladigan hududlarda mazkur usul nam tanqisligini yumshatib, barqaror hosil olish imkoniyatini kengaytiradi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, “No-till” yondashuvi yonilg‘i sarfi va ishlov xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qiladi.

Tadbirda qurg‘oqchil iqlim sharoitida no‘xat yetishtirish bo‘yicha Avstraliya, Eron, Hindiston, Turkiya hamda Xitoy tajribasi taqdim etildi. Ushbu davlatlarda minimal ishlov va namni tejashga qaratilgan texnologiyalar keng qo‘llanilayotgani, bu esa dukkakli don ekinlari hosildorligini barqarorlashtirishda muhim omil bo‘layotgani alohida qayd etildi.

Amaliy qismda yer tayyorlashning muqobil usullari, optimal ekish muddatlarini belgilash, mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish, kasallik va zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan himoya choralari yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Mutasaddilar fikricha, lalmi maydonlarda no‘xat yetishtirishda ilmiy yondashuv va innovatsion texnologiyalar uyg‘unligi yuqori iqtisodiy samara hamda barqaror natija beradi.

Tadbir yakunida “No-till” texnologiyasini bosqichma-bosqich joriy etish, lalmi yerlar salohiyatidan to‘liq foydalanish va eksportbop dukkakli don yetishtirish hajmini kengaytirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Agrar sohada bunday amaliy muloqot va ilmiy-amaliy uyg‘unlik yerga munosabatni yangicha bosqichga olib chiqish, samaradorlikni oshirish hamda zamonaviy yondashuvlarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri