Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Lalmi yerlarda barpo etilayotgan tokzorlar natijasi puch bo‘lmaydi
16:35 / 2021-03-11

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani viloyatning eng chekka va tog‘li hududlaridan biri hisoblanadi. Hudud aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi.

Oqova suv tanqis bo‘lgani bois minglab gektar qir-adirlarda joylashgan maydonlarda lalmi usulda dehqonchilik qilinadi. Bahor seryog‘in kelgan yillari hosildorlik nisbatan yaxshi, qurg‘oqchilik kelsa, lalmi ekinlarning unumi juda past bo‘ladi.  

Ammo bugun agrosanoat sohasida shunday rivojlangan intensiv texnologiyalar qo‘llanmoqdaki, ular yordamida hatto, toshloq yerlarda ham ekinlar ekilib, yuqori hosil olinmoqda.  

Ayni paytda Dehqonobodda ham yerdan samarali foydalanish, aholi daromadini oshirish maqsadida tog‘ yonbag‘irlarida uzumchilik ishlari boshlab yuborildi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 12-13 noyabr kunlari viloyatga tashrifi davomida bergan topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sa’y-harakati bilan tumandagi Oqtosh MFY hududida 200 gektar yer maydonida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidan olib kelingan qora kishmish navli tok ko‘chatlari ekib, parvarishlash ishlari boshlab yuborildi.  

– Prezidentimizning o‘tgan yili viloyatimizga tashrifi doirasida amalga oshiriladigan ko‘plab loyihalar qatorida Dehqonobod tumanidagi aholi va yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tumanning uzoq tog‘li hududlari hisoblangan Oqtosh va Beliboyli mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlaridan ming gektar yerni uzumchilikka ixtisoslashtirish loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi, – deydi OʻzLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Arziqul Sherov. – O‘sha yerda tashkil etilgan kooperativlarga yana qo‘shimcha ming gektar yer ajratilib, bu yerda mayizbop, eksport qilinadigan uzum yetishtiriladi. bugungi kunda Beliboyli va Oqtosh mahalla fuqarolar yig‘inida ajratilgan yer maydonlarida aholi bilan birgalikda uzum ko‘chatlarini ekish, ularning yerini tayyorlash ishlari amalga oshirildi. Har bir fuqaroga bir gektardan yer ajratish orqali hududdagi ko‘plab ishsiz yoshlar va aholi vakillarining bandligi ta’minlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, uzumzorlarning gektaridan 4-5 tonna sifatli mayiz olish mumkin. Yetishtirilgan hosilni eksportga yo‘naltirish orqali esa, yanada ko‘proq daromad qilish imkoni yaratiladi.  

Tuman hokimligi tomonidan Oqtosh mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan “Isloh sayohati” ishlab chiqarish kooperativiga ming gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, bu yerda asosan Oqtosh, Terskay, Quvvat, Oqqishloq, Jiydabuloq, Beliboyli qishloqlarida istiqomat qiluvchi aholi vakillarining bandligini ta’minlash maqsad qilingan. Hozirda yaxshi niyat bilan qadalgan tok ko‘chatlarini sug‘orish uchun tog‘ bag‘ridagi buloqlardan plastik quvur orqali 10 ming metr masofadan suv olib kelingan.  

– Kooperativ o‘tgan yilda tashkil qilingan bo‘lib, ming gektar yer uzumchilik bilan shug‘ullanishimiz uchun ajratildi, – deydi “Isloh sayohati” ishlab chiqarish kooperativi rahbari Alisher Xolmirzayev. – 200 gektar yer aholiga tarqatilib, tok ekish ishlari yakunlandi. Plastik quvurlarda buloq suvi keltirildi, ammo bu yetarli emas. Ekinlarning sug‘orish tizimini sifatli yo‘lga qo‘yish uchun 6 ta artezian quduqlari qurishni rejalashtirganmiz. Shu maqsadda ayni kunlarda 4 kilometr masofadan elektr liniyasi tortib kelish ishlarini bajaryapmiz. Kelgusida mazkur hududda ming gektar maydonda uzumzor tashkil etiladi. Bundan tashqari yana qo‘shimcha ming gektar yer olganmiz va u yerga bodom, yong‘oq, pista va olma ko‘chatlari ekishni mo‘ljallayapmiz. Maqsad, atrofimizdagi 9 ta qishloqning ishsiz aholisi bandligini to‘liq ta’minlashdir.  

Loyihaning birinchi bosqichida 200 gektar yer maydoni 200 nafar ehtiyojmand oila vakillariga kooperativ usulda 1 gektardan bo‘lib berildi. Yer maydonlarini taqsimlashda birinchi navbatda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholi vakillarini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

– Yerlarimiz asosan lalmi joy, – deydi Murodulla Choriyev. – Har yili bunday yerlarga lalmi usulda arpa, bug‘doy va no‘xat kabi ekinlarni ekardik va o‘rtacha gektaridan 3,5-4 million so‘m daromad qilardik. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar yerdan samarali foydalanib, uzum yetishtirib mayiz oladigan bo‘lsak, gektaridan 35-40 million so‘m atrofida daromad olish mumkin ekan. Ko‘chatlar hosil berguncha qator oralariga boshqa ekinlarni ham ekib, foydalanishimiz mumkin. Shu bois men ham boshqa tengdoshlarim qatori bir gektar yer oldim va tok ekdim. Do‘stlarimni ham taklif qildim. Nasib etsa, bu ishimiz o‘zini oqlasa, kelajakda yerimiz hajmini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.  

Bu kabi istiqbolli loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi, kelgusida hududda aholi bandligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi tayin, ammo hamma gap mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, loyihalarni amalga oshirishda. Buni esa vaqt ko‘rsatadi. O‘ylaymizki, mazkur keng ko‘lamli harakatlar ham boshi bor, lekin oxiri yo‘q, tagi puch loyihalardan bo‘lib qolmaydi. Yana 4-5 yildan keyin hududda jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar yetishtirilib, xalqimiz dasturxoniga tortiq qilinadi.  

O‘.Barotov, O‘zA