Buxoroda fohisha ayol qirqqa yaqin erkakka OITS virusini yuqtirgan. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
2017 yilda qizda OITS kasalligi tasdiqlangan. Belgilangan tartibda nazoratga olingan. Qiz o‘zidagi kasallikni bila turib, o‘zgalarga qasddan yuqtirmaslik haqida ogohlantirilgan.
Afsuski, o‘rganishlardan aniqlanishicha, birgina mana shu ayol 40 ga yaqin kishiga OITS kasalligini qasddan yuqtirgan. U bilan aloqaga kirishgan. Bu bedavo dardni yuqtirib olgan erkaklarning aksariyati oilali, bola-chaqali. Bir lahzalik kayf-safoni ayolining guldek umrini xazon qilishga almashgan. Kasallik ularning rafiqalariga ham yuqqan.
Buxoro viloyati IIB tergov bo‘limi tergovchisining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 113-moddasi (Tanosil yoki OIV kasalligi OITSni tarqatish)ning 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Yakunda jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga oshirilgan. Hukmga ko‘ra, sudlanuvchiga nisbatan 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Zarif Komilov, O‘zA