Laboratoriyalar faoliyatidagi eng muhim jihatlardan biri – uskunalarni muntazam ravishda yangilash va modernizatsiya qilishdir.
Yangi asbob-uskunalar va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish xalqaro standartlarga rioya qilish imkonini berish barobarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri farmatsevtik mahsulotlar sifat nazoratining samaradorligiga ta’sir qiladi. Natijada nazorat jarayonining aniqligi, tezligi va ishonchliligi sezilarli darajada yaxshilanadi.
Ayni shu maqsadda Vaksinalar, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil laboratoriyasi o‘z moddiy texnik bazasini zamonaviy "Leica DM 500" biologik mikroskopi hamda uning rangli raqamli kamerasi "Flexicam i5" va kerakli aksessuarlari bilan to‘ldirdi.
Ushbu uskuna yorug‘lik maydoni usuli bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ilg‘or optik tizimi hamda tasvirlar, ranglarni to‘g‘ridan to‘g‘ri kompyuter monitoriga uzatish imkoniyati tufayli aniq va batafsil tasvirlarni taqdim etadi. Shuningdek, mikroskop kamerasi tezkor suratga olish va tasvirlarni videoyozuv qilish imkonini beradi.
Aytish joiz, bu uskuna farmatsevtik mahsulotlarning mikrobiologik nazoratida mikroorganizmlarni tadqiq qilish va ularning identifikatsiyasini amalga oshirishda qator qulayliklar yaratadi.
M.Qosimova, O‘zA