«Yuksalish» umummilliy harakatida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan “Labor migration” elektron dasturiy kompleksi ishi samaradorligini o‘rganish yakunlari muhokamasiga bag‘ishlangan majlis o‘tkazildi.
Mehnat migrantlarini ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish jarayonida byurokratik to‘siqlar, korrupsiya xatarlarini kamaytirish maqsadida qo‘mita tomonidan o‘rganish olib borildi. Shuningdek, mazkur o‘rganish Oliy Majlis Senatiga fuqarolardan tushadigan ko‘p sonli murojaatlar hisobga olingan holda tashkil etildi. Ushbu o‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning bugungi majlisida taqdim etilgan dasturiy kompleksni modernizatsiya qilish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlandi.
Majlisda Tashqi mehnat agentligi rahbariyatining axboroti eshitildi.
bugungi kunda ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni 292 ming 198 nafarni tashkil etmoqda. Dasturiy kompleks faoliyat ko‘rsatgan bir yil davomida 288 mingdan ortiq turli xil xizmatlar ko‘rsatilgan. Shu jumladan, avia va temir yo‘l chiptalarini imtiyozli narxlarda sotib olish bo‘yicha 164 mingta, imtiyozli sug‘urta polisini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 9 ming 505 mingta, imtiyozli uy-joy olish uchun zarur hujjatlar va taqdimnomalar taqdim etish bo‘yicha 3 ming 937 ta xizmat ko‘rsatilganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, dasturiy kompleksning bir qator davlat muassasalari elektron bazalari va portallari bilan integratsiyasi ta’minlandi. Bu esa mehnat migrantlarini hisobga olish tezkorligini hamda ijtimoiy va maslahat yordamlarini ko‘rsatish sifatini sezilarli darajada oshirdi.
Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining arizalari qabul qilindi. Xorijiy davlat muassasalarining rasmiy veb-saytlaridagi mehnat masalalari bo‘yicha ma’lumotlari joylashtirildi. Dasturga taqdim etiladigan xizmatlari ro‘yxati joylashtirildi. Hozirda “Labor migration” dasturiy ta’minot to‘plamining barcha funksiyalari ishga to‘liq tushirilgan.
Shu bilan birga, Ishchi guruh a’zolari tomonidan qator tizimli muammolar ko‘rsatib o‘tildi, ularning bartaraf etilishi mazkur kompleksning salohiyatini oshiradi va mehnat migrantlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Xususan, “Labor migration” dasturiy kompleksini uzoq muddatli rivojlantirish va takomillashtirish strategiyasi mavjud emasligi qayd etildi. Mehnat migrantlari bo‘lgan xotin-qizlarni birlashtirish, ularga maslahat berish va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan xizmatlar mavjud emas.
Hozirgi kunda dasturga fuqarolik (yashil) pasporti orqali ro‘yxatga olish imkoniyati mavjud. Ammo fuqarolar xorijga chiqish pasporti orqali murojaat qilishayotgani sababli xorijga chiqish pasporti (qizil) orqali majmuaga ro‘yxatga olish imkoniyati yo‘q. Qolaversa, IT sohasi mutaxassislari tomonidan dasturiy kompleksning texnik parametrlari, uning interfeysi, mobil ilovaning ishlashini takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA