Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
KXDR yirik hisobda magʻlub etildi, endi navbat Suriyagami?!
23:02 / 2019-06-07

Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi KXDRga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazib, yirik – 4:0 hisobida gʻalaba qozondi.


Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi KXDRga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazib, yirik – 4:0 hisobida gʻalaba qozondi.

Ektor Kuper shogirdlarining Turkiya termasiga qarshi koʻrsatgan nursiz oʻyinidan soʻng koʻpchilikda argentinalik mutaxassisning mahoratiga shubha uygʻona boshlagandi. Biroq, bugun qozonilgan ishonchli gʻalaba va ajoyib oʻyin hozircha terma jamoamiz toʻgʻri yoʻlda ketayotganini isbotladi, guyo. Endi muxlislarimiz yana Qatar-2022 mundialida oʻz suyuklilarini koʻrish ishtiyoqida yonmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bu safar Kuper tarkibda baʼzi eksperimentlarni amalga oshirdi. Xususan, bugungi oʻyinda iqtidorli himoyachimiz Hojiakbar Alijonov ilk bor terma jamoa libosida maydonga tushgan boʻlsa, yana bir umidli futbolchi Doston Ibragimov birinchi marta uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi. Shuningdek KXDRga qarshi bahsda Akrom Komilov ham asosiy tarkibga kiritildi.

Amalga oshirilgan oʻzgarishlar terma jamoamiz oʻyiniga ijobiy taʼsir koʻrsatdimi yoki Turkiyadagi magʻlubiyatdan futbolchilar toʻgʻri xulosa chiqardimi, xullas terma jamoamiz oʻyini bugun mazmun-maʼno kasb etdi. Ehtimol muvaffaqiyatimizga KXDRning Osiyo kubogi-2019dan keyin ilk bor yigʻilgani muhim omil boʻlgandir. Xullas, nima boʻlgan taqdirda ham bu oqshom “Bunyodkor” stadioniga kelgan ishqibozlar oʻz suyuklilarining ajoyib gʻalabasidan sarmast holda uylariga qaytadigan boʻlishdi.

Bevosita uchrashuvga kelsak, dastlabki daqiqalardan terma jamoamiz hujumga tashlandi va raqib darvozasi oldida havfli vaziyatlar sodir eta boshladi. Biroq, bir nechta vaziyatda bosh jamoamiz aʼzolari yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olishmadi. Faqat 29-daqiqaga kelib mehmonlar oʻz jarima maydonchasi ichida Jaloliddin Masharipovni qoʻpollik bilan toʻxtatib qoldi. Hakam esa 11 metrlik jarima belgiladi. Uni terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov aniq amalga oshirdi va hisobni ochdi. 1-0 hisobi tanaffusgacha oʻzgarmadi.

Hisobda orqada qolishayotgan shimoliy koreyalik futbolchilar ikkinchi boʻlimda oldinga oʻtishga majbur boʻldi. Bu esa vakillarimizga tezkor qarshi hujumlarda samarali foydalanish imkonini berdi. Oʻz navbatida futbolchilarimiz ham shunday yoʻl tutishdi. Ana shunday qarshi hujumlardan birida Ahmedov – Ibragimov – Abduholiqov kombinatsiyasidan keyin Temurxoʻja hisobni 2-0ga yetkazdi.

Ushbu goldan keyin Abduholiqov oʻrniga soʻnggi vaqtlarda yana oʻzining avvalgi sport formasiga kirib borayotgan Igor Sergeyev tushirildi. Quvonarlisi, u toʻpga ilk teginishidayoq raqib darvozasini ishgʻol qildi. Bu vaziyatda raqib darvozaboni va himoyachisi bir-birlarini tushunmadi va bu hujumchimizga qoʻl keldi. Sergeyev boʻsh qolgan darvozani ishgʻol qildi va oʻzi uchun noxush anʼanaga barham berdi. U koʻpdan beri terma jamoa safida gol urolmayotgandi.

Hisob 3-0 koʻrinishini olgach terma jamoamiz yanada ishonchli oʻyin koʻrsata boshladi va asosiy vaqtga hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda himoyachi Doston Tursunov ham oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻyishga erishdi: Oʻzbekiston – KXDR – 4:0.

Endi terma jamoamiz 11-iyun kuni yana oʻsha “Bunyodkor” stadionida Suriya termasiga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida maydonga tushadi. Umid qilamizki, Ektor Kuper shogirdlari bu safar ham oʻz muxlislarini quvontiradi.