Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
KXDR yetakchisi yangi dronlarni sinovdan o‘tkazdi
14:44 / 2025-09-19

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘z mamlakatining tobora takomillashib borayotgan qurol-yarog‘ texnologiyasini modernizatsiya qilish va dronlar imkoniyatlarini oshirishda sun’iy intellektdan foydalanish “birinchi ustuvor vazifa” ekanini ta’kidladi, deya xabar bermoqda Koreya Markaziy telegraf agentligi (KCNA).

Ta’kidlanishicha, Kim payshanba kuni Pxenyandagi uchuvchisiz aviatsiya texnologiyalari majmuasiga tashrif buyurib, ko‘p maqsadli dronlar va uchuvchisiz kuzatuv vositalarining ishlash sinovlariga boshchilik qilgan. Shuningdek, u “dronlarni seriyali ishlab chiqarishni kengaytirish”ga chaqirgan.

AQSH Mudofaa razvedka agentligi (DIA) ma’lumotlariga ko‘ra, KXDRning harbiy qudrati yadro quroliga ega ballistik va qanotli raketalar, yadroviy qurollarning ortib borayotgan zaxiralari va yangi paydo bo‘lgan ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldosh dasturini o‘z ichiga oladi.

Mustaqil tahlil guruhlarining hisobotlarida yozilishicha, Shimoliy Koreya sanksiyalarga qaramay, AQSH, Xitoy va Janubiy Koreyadagi ilmiy doira vakillari bilan transchegaraviy hamkorlikda sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda.

Pxenyan uzoq vaqtdan beri siyosiy va iqtisodiy jihatdan Xitoyga “qaram” bo‘lsa-da, o‘lka Kim davrida Rossiya bilan munosabatlarni mustahkamlab borishga intildi. O‘tgan yili Kim va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zaro mudofaa shartnomasini imzoladi va bu holat G‘arbda norozilik uyg‘otgan edi.

Ekspertlar fikricha, Pxenyan kelishuvdan Moskva kabi yaxshi foyda ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Sababi, KXDR Rossiya kuchlariga Ukrainaga qarshi kurashda yordam berish uchun o‘n minglab askarlari bilan birga Moskvaga qariyb 10 milliard dollarlik qurol-yarog‘ bergan, buning evaziga esa atigi 1,19 milliard dollar olgan.

Shu oy boshida Kim XXR raisi Si Szinpin va RF rahbari Putin bilan Pekindagi harbiy paradda ko‘rinish berdi, tahlilchilar buni Shimoliy Koreyaning jahon sahnasiga chiqish istagi ifodasi sifatida baholamoqda.

O‘tkir Mirzo, O‘zA