Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In yangi gipertovushli raketalar sinovini shaxsan kuzatganini ma’lum qildi. KXDRga qo‘shni davlatlar bir kun avval ballistik raketalar uchirilgani va bu navbatdagi provokatsiya ekanini aytgan edi. E’tiborlisi, sinovlar Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myonning Xitoyga, Si Szinpin bilan sammitda ishtirok etish uchun jo‘nab ketishidan bir necha soat oldin amalga oshirilgan.
KCNA xabariga ko‘ra, yakshanba kungi mashg‘ulot gipertovushli qurol tizimining jangovar shayligini tekshirish hamda mamlakat harbiy bo‘linmalarining amaliy mahoratini oshirishga qaratildi.
Kim Chen In milliy mudofaa uchun nihoyatda muhim bo‘lgan texnologik vazifaning muvaffaqiyatli bajarilganini tasdiqlagan va harbiy imkoniyatlar, ayniqsa hujumkor qurol tizimlari doimiy ravishda takomillashtirib borilishi shart ekanini qayd etgan.
Ekspertlar fikricha, agar Shimoliy Koreya haqiqatan ham gipertovushli qurolga ega bo‘lsa, bu unga AQSH va Janubiy Koreyaning raketaga qarshi mudofaa tizimlarini yorib o‘tish imkonini beradi. So‘nggi yillarda Pxenyan bu texnologiyani qo‘lga kiritish uchun bir qator sinovlar o‘tkazgan, biroq ko‘plab xorijiy mutaxassislar sinov raketalari zarur tezlik va boshqa texnik qobiliyatlarga to‘liq erishganiga shubha bilan qaramoqda.
So‘nggi haftalarda KXDR uzoq masofaga uchuvchi strategik qanotli raketalarini ham tekshirganini bildirgan. Shuningdek, o‘lka nashrlari ilk yadroviy dvigatelli suvosti kemasi qurilishida sezilarli siljishlar borligini ko‘rsatadigan suratlarni e’lon qilgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Pxenyan bu harakatlari orqali hukmron Ishchilar partiyasi qurultoyi oldidan qurol-yarog‘ sohasidagi yutuqlarini namoyish etishni maqsad qilgan.
Mamlakatda oxirgi raketa uchirishlar AQSHning shanba kuni Venesuelada o‘tkazgan harbiy amaliyotidan keyin sodir bo‘ldi. Ushbu operatsiya natijasida Nikolas Maduro hokimiyatdan chetlatilib, Vashingtonga olib ketilgan va unga narko-terrorizm bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Shimoliy Koreya bu amaliyotni keskin qoralab chiqdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA