24 mart kuni Shimoliy Koreya tomonidan uchirilgan qit’alararo ballistik raketa (QBR) oddiy trayektoriya bo‘yicha uchirilganda 15 ming kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin. Bu AQSHning istalgan nuqtasiga, jumladan, Sharqiy sohillariga ham yetib boradi, deganidir.
Yaponiya mudofaa vaziri Nobuo Kisi juma kuni Tokioda uyushtirgan matbuot anjumanida ushbu fikrni bildirdi.
"Hisob-kitob shuni ko‘rsatmoqdaki, parvoz masofasi jangovar kallakning vaznidan kelib chiqib, 15 ming kilometrdan oshishi mumkin. Bu AQSH hududining istalgan nuqtasiga, jumladan, Sharqiy sohillariga ham yetib boradi, deganidir", – deya ta’kidlagan u. "Bu Yaponiya va xalqaro hamjamiyatning tinchligi va barqarorligi uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Ushbu sinov avvalgilaridan farq qiladi", – qo‘shimcha qilgan vazir.
Koreya markaziy telegraf agentligi juma kuni KXDR mamlakat yetakchisi Kim Chen Inning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bergan buyrug‘iga binoan "Xvason-17" qit’alararo ballistik raketasini sinab ko‘rganini tasdiqladi. Shimoliy Koreya tomonining ma’lum qilishicha, raketa taxminan 1 ming 90 kilometrlik masofani uchib o‘tgan.
QBR havoda 68 daqiqa bo‘lgan, shundan keyin Yapon dengizidagi shartli nishonga borib tushgan. Yaponiya mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, raketa Xokkaydo orolining shimolidagi Osima yarimorolining g‘arbiga 150 kilometr uzoqlikda qulagan. Bu joy Yaponiyaning iqtisodiy hududlari hisoblanadi.
Xabarda keltirilishicha, Shimoliy Koreya joriy yil boshidan buyon 12 ta raketa sinovini amalga oshirgan.