Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon Janubiy Koreya armiyasining “Pxenyan chegaradagi targ‘ibot karnaylarini kamaytirdi” mazmunidagi bayonotini inkor etdi. KCNA davlat axborot agentligida e’lon qilingan murojaatida u shunday degan: – Biz karnaylarni olib tashlamadik va bunday rejamiz ham yo‘q. Janub bilan munosabatni yaxshilash niyatida emasmiz. Shunday qarashimiz kelajakda konstitutsiyamizda ham mustahkamlanadi.
Janubiy Koreya armiyasi bir necha kun oldin Shimol karnaylarining bir qismini olib tashlaganini ma’lum qilgandi. Bu xabar Janub o‘z karnaylarini demilitarizatsiyalangan hudud bo‘ylab demontaj qilgandan keyin paydo bo‘ldi.
Kim Yo Chjon bu xabarlarni “asossiz taxmin va e’tiborni chalg‘ituvchi yolg‘on” deb atadi.
Janubiy Koreya karnaylari orqali targ‘ibot xabarlaridan tashqari K-pop qo‘shiqlari ham yangrar, Shimol esa o‘z moslamalari orqali jonivorlarning vahimali tovushlarini efirga uzatar edi. Chegaraga yaqin hudud aholisi kechasi ham eshitiladigan bunday yoqimsiz shovqindan shikoyat qilib keladi.
Pxenyan Janubning ayni usuldagi targ‘ibotini “urush harakati” sifatida baholagan va avval ham karnaylarni portlatish bilan tahdid qilgan.
2024 yil iyunda sobiq Prezident Yun Sok Yol davrida olti yillik tanaffusdan so‘ng targ‘ibot jarayoni tiklandi. Bu Pxenyan tomonidan Janubga chiqindi to‘ldirilgan sharlar uchirilishiga javoban amalga oshirilgan.
Yangi Prezident Li Chje Myon saylov oldi kampaniyasida Shimol bilan munosabatni yaxshilashga va’da bergan. U lavozimiga kirishganidan ko‘p o‘tmay, Janub karnay orqali ovoz uzatishni to‘xtatdi. Harbiylar bu qarorni “ishonchni tiklash va Koreya yarim orolida tinchlikka erishish” harakati sifatida izohladi.
Shunga qaramay, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi taranglik hamon saqlanib qolmoqda. Hafta boshida Shimol AQSH va Janubiy Koreya qo‘shma harbiy mashg‘uloti oldidan “keskin javob choralari” ko‘rilishi bilan ogohlantirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA