Ugom – Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i mamlakatimizdagi eng boy biologik hududlardan biri hisoblanadi. Bu hududdagi o‘simlik va hayvonot dunyosi nafaqat tabiiy go‘zalligi, balki ilmiy ahamiyati bilan ham o‘ziga xos ahamiyatga ega.
Shu tufayli har yili kuz faslida mutaxassislar tomonidan joylarda an’anaviy hayvonlar sonini aniqlash kuzgi sanoq o‘tkaziladi.

Joriy yildagi mazkur sa’y-harakatlarda milliy tabiat bog‘i mutaxassislari va tabiatni qo‘riqlash inspektorlari ishtirokida qator muhim natijalarga erishildi. Milliy tabiat bog‘ mutaxassisi Xurshidbek Hayitovning ta’kidlashicha, hayvonot dunyosidagi sanoq ishlari tabiiy ekotizimning sog‘lom yoki zaif holatini baholashning asosiy vositalaridan biri hisoblanib, hayvon turlarining soni, ularning yashash hududlari va harakat yo‘nalishlari aniqlanadi. Shu bilan birga, sanoq natijalari asosida jonivorlarning ko‘payish dinamikasi, ozuqa bazasi va inson ta’siri baholanadi.

– Sanoq jarayoni Qorabog‘, Chotqol, Beshtor, Oygayin vodiylari va ularga tutash tog‘ etaklarida uch hafta davom etdi. Hisoblash paytida bir nechta usullar qo‘llaniladi. Masalan, kuzatuv durbini va binokl, fotoqopqonlar yordamida aniqlanadi. Shuningdek, iz va hayvon faoliyati alomatlari bo‘yicha baholanadi. Yana GPS qurilmalar orqali hayvonlar harakat yo‘nalishini aniqlanadi. Sanoq natijalariga ko‘ra, asosiy hududlarda tog‘ echkisi 120 ta, Qorabog‘ balandliklarida 3-4 ta qor qoploni, Beshtor va Oygayin vodiylarida 18-22 ta qo‘ng‘ir ayiq, Chotqol atrofida esa ayiq, bo‘ri, tulki, yovvoyi cho‘chqa izlari, ko‘chmanchi qushlar borligiga guvoh bo‘ldik. Bu ma’lumotlar o‘tgan yilga nisbatan tog‘ echkilari va yovvoyi cho‘chqalar sonining ko‘payganini, ayiqlar faoliyati esa barqarorligini ko‘rsatadi, – deydi Milliy tabiat bog‘ mutaxassisi X.Hayitov.

Umuman olganda, ekologik barqarorlik saqlangani hamda yashash muhitidagi resurslar yetarli bo‘lgani sababli hayvonlar sonida keskin o‘zgarish kuzatilmagan. Bunda, albatta, inson ta’siri kamaygani, Milliy tabiat bog‘i hududida noqonuniy ovchilik holatlari deyarli uchramaganidan dalolat beradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, biologik xilma-xillikning barqarorligi qor qoploni va qo‘ng‘ir ayiqlar sonining o‘sishi ekotizimdagi ozuqa zanjiri sog‘lomligini ko‘rsatadi. Ugom – Chotqol milliy tabiat bog‘i tomonidan kelgusida hayvonot olamini kuzatish uchun fotoqopqonlar soni oshiriladi. Hayvonlar harakatini GPS belgi orqali uzluksiz kuzatish yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekistonning shimoliy sharqida, g‘arbiy Tyan-Shan tog‘ tizmalari bag‘rida o‘tkazilayotgan bunday kuzgi sanoq faqatgina ilmiy tadqiqot uchun emas, balki u tabiat va inson o‘rtasidagi uyg‘unlikni namoyon etadi. Har bir jonivorning soni bilan cheklanilmay, yashash muhiti bilan ham yana bir bor tanishish imkoni bo‘ladi.
A.Musayev, O‘zA.