Toshkent viloyatida pillachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli bir yilda 3-4 marta ipak qurti boqilmoqda.
Bu samarali usul nafaqat “kumush tola” xirmoni yuksalishiga, balki kasanachilik orqali ishsiz aholining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ham zamin yaratmoqda. Ayni paytda O‘rta Chirchiq tumani “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yig‘ini pillakorlari 1 tonna 600 kilogramm qimmatbaho “kumush tola” topshirib, shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi.

E’tiborlisi, mavsumda 200 dan ortiq xotin-qizlarning bandligi ta’minlanib, oilaviy daromadi o‘sishiga erishildi. Pilla yetishtirish Quyi Chirchiq, Piskent, Bekobod va Chinoz tumanlarida davom etmoqda. Joriy yilgi kuzgi pilla yetishtirish mavsumida viloyat bo‘yicha 4 ming 300 quti ipak qurti parvarishlanib, 172 tonna qimmatbaho xom ashyo yetishtirish rejalashtirilgan. 2021 yilda 7 million dollarlik "kumush tola" eksporti amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilga kelib bu ko‘rsatkichni 14 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yil boshidan buyon tarmoq xo‘jaliklari orqali 80 mingdan ortiq fuqarolarning bandligi ta’minlangan.
A. Musayev, O‘zA.