English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuzgi nihol ekish mavsumi qizg‘in
19:09 / 2023-10-26

Ko‘chat ekish, daraxt o‘stirish, tabiatni asrab-avaylash ota-bobolarimizdan o‘tib kelayotgan ezgu qadriyatlarimizdan biri. Mamlakatimizning barcha hududlarida mevali va manzarali kuzgi nihol ekish mavsumi davom etmoqda.

Jizzax viloyatining qaysi hududiga bormang, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganiga guvoh bo‘lasiz.  

Joriy yilning bahor mavsumida Jizzax viloyati bo‘yicha 9 million  842 ming tup o‘rniga, 10 million tupdan ziyod turli manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. Kuni kecha Sharof Rashidov tumanidagi “Oqtosh ota” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazilib, unda nuroniy otaxonlar, viloyat va tuman hokimligi, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi.  

[gallery-14233]

Ushbu “Yangi O‘zbekiston” massividagi 20 gektar maydonga daraxt ekish belgilangan. Joriy yil maydonning 13 gektariga 23 ming tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar ekilishi rejalashtirilgan. E’tiborlisi, bu yerga ekiladigan ko‘chatlar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida sug‘oriladi.  

“Jizzaxyo‘lko‘kalam” korxonasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yil kuz mavsumida umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llari yoqalariga nihollar ekish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlangan bo‘lib, ushbu dastur asosida jami 50 ming 625 dona turli xil manzarali ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Shundan "Almati – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz" xalqaro ahamiyatidagi Katta O‘zbek trakti avtomobil yo‘li yoqasiga 20 ming 625 tup hamda "Jizzax shahri – Paxtakor – Do‘stlik – Gagarin shaharchasi" yo‘llari yoqasiga esa 30 ming tup ko‘chat ekish belgilangan. Ayni paytda ushbu yo‘l yoqalarida ko‘chat ekish mavsumiga tayyorgarlik olib borilib, bugungi kunga qadar ko‘chat ekish uchun 46 mingta chuqur kovlash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, muassasa tomonidan ”Yashil belbog‘“ dasturi asosida yana 78 ming tup terak ekish belgilangan.  

“Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” shiori ostida Arnasoyda ham ko‘chat ekish ishlari boshlab yuborildi. Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 11 oktyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yashil makon bo‘yicha bir qator muhim takliflar bildirilib, ustuvor vazifalar belgilangan. 25 oktyabr kuni Arnasoy tumani mehnatkashlari ham kuzgi ko‘chat ekish ishlarini boshlab yubordi. Jumladan, tumandagi “Oqbuloq”suv iste’molchilari uyushmasi (SIU) hududidagi “Yangi bo‘ston sardori” fermer xo‘jaligining dala cheti atrofida tashlandiq 50 sotix maydonga 1200 tup tut ko‘chati ekilmoqda. Ko‘chat ekish ishlarida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Oybek Ashurmatov, Arnasoy tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Munavvar Sobirov hamda fermer xo‘jalik raislari ishtirok etmoqda.  

Forish kasb-hunar maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari Forish tog‘ o‘quv harbiy poligonida bo‘lib, u yerda harbiylar hayoti hamda zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan yaqindan tanishtirildi va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar yakunida “Yashil makon” loyihasi doirasida harbiy poligon hududiga harbiylar bilan birgalikda hamkorlik ramzi sifatida poligon hududiga turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.  

Yashil makon umummilliy harakati Jizzax viloyatining barcha hududlarida uyushqoqlik bilan boshlab yuborildi.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari