Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuzgi ko‘chatlar mahallabay tizimi asosida ekiladi
14:34 / 2022-10-15

Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida kuzgi ko‘chat ekish ishlarini mahallabay tizimi asosida tashkil etish masalasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

“Zoom” platformasi asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda shahar va tuman hokimliklari vakillari, viloyat bandlik  bosh boshqarmasi, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, Yoshlar ishlari agentligi, “O‘zavtoyo‘l” viloyat boshqarmalari, “O‘zyo‘lko‘kalam” unitar korxonasi, viloyatdagi mutasaddi idoralar mas’ullari ishtirok etdi.

Tadbirni viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov boshqarib bordi. Unda ko‘chat ekish ishlarini asosan mahalla hududlarida kengroq tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi.  

E’tiborlisi, viloyatda kuzgi ko‘chat ekish ishlarini mahallabay tizimi asosida “O‘zbekistonda el aziz – inson aziz!” shiori ostida o‘tkazish bo‘yicha Kelishuv bitimi imzolandi. Unga asosan har bir mahalla, fermer xo‘jaliklari, tashkilot, korxona va muassasalar hududlarida sug‘orish tizimini shakllantirish, hududlarning iqlim sharoitiga mos tut, terak, terak qalamchalari, yasen va boshqa manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari, rayhon, yalpiz, gul ko‘chatlarini ekish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Shuningdek,  yig‘ilishda viloyatda mavjud mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ekoxaritalar ishlab chiqish bo‘yicha ham aniq ko‘rsatmalar berildi.

Tadbirda zaminga qadalgan har bir ko‘chatning hamal olishi qat’iy nazoratdaligi alohida ta’kidlandi.  

 

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA