Yashil hududlarni ko‘paytirish — bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri.
Sof havo, toza muhit va obod manzara inson salomatligi va hayot sifati uchun muhim omil hisoblanadi. Shu maqsadda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi har bir hududda yangi ruh, yangi muhit, yangi nafas yaratmoqda.
Sirdaryo viloyatida ham bu ezgu tashabbus doirasida keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Yangiyer shaharning Abdurahmon Jomiy mahallasi hududidan o‘tgan temir yo‘l yoqasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumi rasman start oldi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, nuroniylar, mahalla faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etishdi.
Mazkur tadbirda so‘zga chiqqan viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat No‘monov shunday dedi:

– “Yashil makon” loyihasi faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmaydi. U avvalo, xalqimizning ongi va tabiatga munosabatini o‘zgartirishga qaratilgan keng ko‘lamli harakatdir.
Hashar davomida 5 gektar maydonga qayrag‘och, yasen, katalpa, terak, tut va yapon saforasi kabi manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Shundan so‘ng viloyat faxriylari yaxshi niyat bilan duoga qo‘l ochib, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi mavsumning ilk ko‘chatini ekishdi.

Hashar ishtirokchilari tomonidan 5 gektar yer maydonida 5 mingdan ziyod ko‘chat ekildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy kuzgi mavsumda Sirdaryo viloyati bo‘yicha 8 million 775 ming tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bu jarayon barcha tuman va shaharlarda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA