Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuzgi ekologik masalalar oqilona yechimga muhtoj
09:30 / 2021-10-03

Kuz to‘shagan gilam – xazon bilan muomala qilish ko‘p vaqt va mehnat talab qiluvchi yumush. Ular bilan ishlash qo‘l ushlaydigan ish bo‘lgani, to‘plagan taqdirda chiqindilar oshib ketishi sabab ko‘pchilik oson yo‘lni – yoqishni tanlaydi. Bu esa shundoq ham kun sayin yomonlashayotgan ekologiyaga yana bir bor dushmanlik harakatidir.

Aslida tabiat – tabib, unda barcha tabiiy jarayonlar insoniyat foydasiga xizmat qiladi. Shu jumladan, yer bilan bitta bo‘lgan xazon barglari ham yoqib yo‘q qilinadigan emas, o‘rnida ishlatilsa naf keltiradigan manbadir. Undagi organik moddalar tuproq tarkibini yaxshilashi mutaxassislar tomonidan isbotlangan.

To‘g‘ri, maysazorga yoki gulzorga tushgan barglar yorug‘lik va havo qabulini to‘sib qo‘yadi. Shuningdek, nisbatan issiq va nam havoda xazon barglari mog‘orlashni boshlab, allergiya, astma, kon’yunktivit kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi. Biroq mevali daraxtlar tagiga ko‘milsa, chirindiga boy o‘g‘it kelasi yilgi mo‘l xosilga xissa qo‘shishi-chi? Quruq barglar ayrim o‘simliklar uchun iliq va muhofazaviy qalqon vazifasini o‘tashi ham bor gap.

Barglar bilan boyitilgan yer yengil bo‘ladi, u zich tuproq uchun pishirish kukuni kabidir va ildizlarga havo kirishini ta’minlaydi. Bu ayniqsa suv turg‘un bo‘lgan joylarda botqoqlanishning oldini olish uchun muhimdir.

O‘rmonlarda barglar asrlar davomida to‘planib, o‘simliklar va hayvonlar uchun qulay muhit yaratadi. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, xazon – keraksiz chiqindi emas, balki oziq moddalar aylanishining muhim bo‘g‘inidir. Daraxtdan to‘kilgan barglarda chuvalchanglar tez ko‘payadi, xazon ular uchun oziq-ovqat hisoblanadi. O‘z navbatida, tuproqqa organik moddalar kirib keladi va sifati yaxshilanadi.

Kuzgi barglarda azot shu qadar ko‘pki, bu borada barg chirindi va qo‘y go‘ngi bilan ham bellasha oladi. Shu jihatdan o‘simliklar uchun foydasi benazir. Xazon bilan to‘yingan tuproq “bahavo” bo‘lib, o‘simliklar ildizi nafas olishini tubdan yaxshilaydi. Mazkur omil tufayli tuproq qurib ketmaydi, unumdor qatlami parchalanmaydi, sovuq havoga chidamli bo‘ladi. To‘plangan barglarni ko‘mish – eng maqbul yo‘l. Chunki ular ekologik tizimning bir unsuri, u tabiatga qaytarilishi, ona yer bag‘riga singishi darkor.

Xazonning tabiiy biologik o‘g‘it sifatidagi foydalarini nazardan o‘tkazdik. Endi, tasavvur qiling, tabiatning bu foydali unsuri yoqildi, yo‘q qilindi. Nafdan bebahra qolindi, shundaymi? Afsuski, shu xolos emas. Nafaqat foydadan mosuvo bo‘linadi, balki katta zarar ko‘radi.

Xazonlar yonish payti dioksinlar (atrof-muhitni zararlovchi moddalar) havoga yopiriladi. Bu inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, nafas olish a’zolarining surunkali xastaliklaridan tortib genetik o‘zgarishlargacha zamin hozirlaydi. Yoz davomida barglar havodagi og‘ir metallarni to‘plab, havoni tozalash bilan band bo‘ladi. Yondirilganda esa bu moddalarning hammasi havoga qaytishini tasavvur qiling! Mutaxassislar tomonidan muqoyasa qilinishicha, xazon tutunidan nafas olib o‘tkazilgan 1 soat vaqt – shahar magistralida 5 soat qolish bilan tengdir.

Demak, bir qancha mamlakatlar (Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston) qonunchiligida xazonni yoqish taqiqlanishi, bunday xatti-harakat uchun jarima belgilanishi bejiz emas. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar” deb ta’kidlangan. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 88-moddasida “Dala va aholi punktlarida ang‘iz, xazon va shox-shabbalarni yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirishga olib kelsa, fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, deya qayd etilgan.

“Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 2-moddasida yozilishicha, tabiatni muhofaza qilish ob’ektlari (yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi) ifloslanishdan, buzilishdan, zararlanishdan, oriqlab ketishdan, vayron bo‘lishdan, yo‘q bo‘lib ketishdan, nooqilona foydalanishdan muhofaza etilishi lozim.

“Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida esa “Fuqarolar atmosfera havosini avaylashlari, uning ifloslanishiga, kamayishiga va unga fizikaviy omillar zararli ta’sir etishiga olib keluvchi harakatlarni qilmasliklari shart”, deb yozilgan.

Ko‘rib turganingizdek, xazon yoqilishini qonun taqiqlaydi, mutaxassislar qoralaydi. Lekin hamon kuz kelishi bilan xazon tutuni ko‘zlarni achishtirishni, dimog‘ni bo‘g‘ishni boshlaydi. Afsuski, tegishli tashkilotlar tomonidan nazorat ko‘ngildagidek emas. Ekologik partiya (harakat sifatida faoliyat yuritganida ham, partiyaga aylanganidan keyin ham) bu borada ta’sirchan tashabbuslar bilan chiqqani yo‘q.

Toza havodan o‘pkasini to‘ldirib nafas olish va bu orqali sog‘lom yashash – insoniyaning oliy huquqi, unga dahl ko‘rsatuvchi har qanday omilga qarshi qat’iy kurashish shart!

 

Bahrom ABDUHALIMOV,

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi.