Mezon kirib, havo harorati salqinlashdi, bu esa yog‘in-sochinli kunlar yaqinligidan dalolat. Bobo dehqonlarimiz yetishtirgan mo‘l hosilni tezroq yig‘ib olib, kelgusi yil uchun kuzgi don ekish ishlarini boshlagan.
Jizzax viloyati g‘allakorlari 2023 yil uchun jami 108 ming 932 gektar maydonga g‘alla urug‘i qadab, undan mo‘l hosil olishni rejalashtirmoqda. Baraka urug‘ining 33 ming 232 gektarini ochiq maydonlarga va 75 ming 700 gektarini g‘o‘za qator oralariga ekish mo‘ljallangan.
– bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 62 ming 350 gektar yer don ekish uchun tayyorlanib, g‘alla ekish ishlari avjida, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyati boshqarmasi katta inspektori Sanjar Mirzakarimov. – Shundan 12 ming 404 gektari ochiq maydonga, 49 ming 941 gektari g‘o‘za qator oralariga ekiladi.
2023 yil hosili uchun viloyatdagi mavjud 3 ta don korxonasi, 6 ta klaster va elita urug‘lik xo‘jaliklariga qarashli tayyorlov sexlarida jami 22 ming 805 tonnadan ortiq urug‘lik don tayyorlash ko‘zda tutilgan. Urug‘likni tayyorlash va qadoqlash bo‘yicha belgilangan ishlar to‘liq nihoyasiga yetkazilgan. Ayni kunda tayyorlangan urug‘lik bug‘doy 11 ta shoxobchaga tarqatilmoqda va 16 ming 700 tonnadan ortig‘i joylarga yetkazib berilgan. Don ekish bilan bog‘liq barcha jarayonlar “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va uning tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA