Kuz kelishi bilan bog‘-rog‘larda ishlar har qachongiga qaraganda ko‘payib, agrotexnik tadbirlar o‘tkaziladi. Bu esa kelgusi yil hosili uchun zamin hozirlaydi. Agar ushbu tadbirlar o‘z vaqtida bajarilmasa, nafaqat hosilga, o‘simliklarning rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu mahsulotlarning taqchilligiga, yetishtirilgan mahsulotning tannarxi qimmatlashishiga sabab bo‘ladi. Shu kabi muammolarning oldini olish, kuzgi agrotexnik tadbirlarni tashkil etish yuzasidan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Sayxunobod tumanida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda shu kabi masalalarga ahamiyat qaratildi.
Dehqon-fermer, agroklaster, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi inspektorlari hamda agronomlar ishtirok etgan ko‘rgazmali seminarda aholi tomorqasi, mevali bog‘-rog‘lardagi mevali ko‘chatlarga shakl berish, har xil zararkunandalardan himoya qilish maqsadida tutqichli belbog‘ qo‘yish, uning afzal jihatlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

– Ushbu tutqichli belbog‘lar daraxtlardan yerga tuxum qo‘yish uchun va keyin daraxtlarga chiqish uchun harakatlanayotgan qurt -qumursqalarni tutish va hamda yo‘q qilish maqsadida qo‘llaniladi, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi ichki nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i Umid Abdurayimov. – Odatda tuzoqli belbog‘ning kengli 20-25 sm.ni tashkil etib, turli materiallar– poxol, somon qanor-qop, porolon, polietilendan tayyorlanadi va yerdan 40-45sm balandlikda daraxtlarning silliq tana hamda novdalariga o‘rnatib chiqiladi. Tuzoqli belbog‘larni o‘rnatishda dastlab daraxtning belbog‘ o‘rnatiladigan qismi qurigan po‘stloq va shox -shabbalardan tozalanadi. Keyin esa daraxtga o‘rnatiladi. Bu esa, qishlovga ketish arafasida turgan zararkunandalarni ushlab qolib, belgilangan muddatda yo‘q qilishga yordam beradi.

Bu boradagi seminar nafaqat Sayxunobodda, viloyatning boshqa hududlarida ham o‘tkazilib, qishloq xo‘jaligi xodimlari, tomorqa yer egalariga maslahat va tavsiya berilmoqda.
–Ochig‘i, joriy yil va o‘tgan yili har xil zararkunandalar sabab, fermer xo‘jaligimiz dala maydoniga ekilgan ko‘chatlardan ko‘ngildagidek hosil ololmadik,–deydi "Bunyod-Bekzod bog‘i" fermer xo‘jaligi rahbari Hikmat Hatamov. –O‘simliklar karantini va himoyasi inspeksiyasi xodimlari dov-daraxtlarga "Aldamchi belbog‘" qo‘yish bo‘yicha berilgan tavsiya, o‘ylaymanki, kutilganidek natija beradi. Shu boisdan ular maslahati va tavsiyasi asosida "Aldamchi belbog‘" o‘rnatish ishlarini boshlab yubordik.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri