Don – xalqimiz rizq-ro‘zi, farovonlik omili sanaladi.
Xalqimiz non va non mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilgani bois mamlakatimizda g‘alla yetishtirish, g‘alla maydonlarini oziqlantirish, bu boradagi agrotexnik tadbirlarni kechiktirmay olib borishga alohida e’tibor qaratiladi.
Kelgusi yil hosili uchun ekilishi rejalashtirilayotgan boshoqli don ekinlarini ekish qishloq xo‘jaligidagi dolzarb masalalar sirasiga kirishi ham shundan. Namangan viloyatining Namangan tumanidagi “Namangan elita urug‘chilik xo‘jaligi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ayni shu mavzuga oid ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. Unda Respublika Urug‘chilikni rivojlantirish boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ozod Matyoqubov, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Anvarjon Hakimov, Namangan tumani hokimi Sadriddin Mo‘minov kelasi yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, sara urug‘ tayyorlash va belgilangan muddatda ekish ishlarini tashkil etish yuzasidan ma’lumot berdi.
Shuningdek, ekilgan g‘alla maydonlarini sug‘orishdagi mavjud tartiblarni amalga oshirish, don ekish seyalkalari afzalliklari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil Namangan tumanida 5 ming 65 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekish ko‘zda tutilgan. Uning 316 gektari ochiq maydonga, 4749 gektari g‘o‘za qator orasiga to‘g‘ri keladi. Ta’kidlash kerakki, kuzgi boshoqli don ekish bilan bog‘liq barcha jarayonlar mas’ullar tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA