Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuzgi boshoqli don ekish: puxta tayyorgarlik mo‘l hosil garovi
09:49 / 2021-08-20

Navoiy viloyati Navbahor tumani “Dul dul chashmasi” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari va fermerlar ishtirokida g‘alla ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Navoiy viloyatida 2022 yil hosili uchun jami 38039 gektar yer maydoniga, shundan 8236 gektar ochiq maydonga va 29803 gektar g‘o‘za qator orasiga boshoqli don ekinlari ekilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda maydonlarni g‘alla ekishga tayyorlash ishlari avjida.

– Kuzgi boshoqli don ekish ishlari tizimli tashkil etilib, har 300-400 gektar yoki 20-30 ta fermerga g‘alla ekish ishlarini amalga oshirish uchun bittadan jami 49 ta ekish otryadlari shakllantirilgan, – deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Boliyev. – Ekish otryadiga hudud rahbari, yoqilg‘i tarqatish shaxobchasi mudiri, don shaxobchasi mudiri va hududlarga biriktirilgan agronomlar rahbar etib tayinlangan. Viloyatda kuzgi boshoqli don ekinlarini ekishga yer tayyorlash va ekish ishlari tashkil etish maqsadida mavjud 211 ta haydov texnikalari, 23 ta g‘alla ekish seyalkalari va 275 ta g‘o‘za qator orasiga g‘alla ekish moslamalari, 221 ta g‘o‘za qator oralariga ishlov berishga moslashtirilgan kultivatorlar, 114 ta yer tekislagichlar, 274 komplekt baronalar, 135 ta o‘g‘it sepgichlar, 288 ta mola, 168 ta o‘qariq olgichlar to‘liq belgilangan dislokatsiya asosida ta’mirlash maskanlariga yig‘ilib, ochiq maydonlarga g‘alla ekish ishlari jalb etilishi belgilangan.

G‘alla maydonlarini ekin mavsumiga sifatli tayyorlash, har bir mintaqa sharoitidan kelib chiqib, navlarni tanlash, yuqori sinfli urug‘ni ekish yuqori hosildorlikka erishishni ta’minlaydi.

Shuningdek, respublikamizda so‘nggi yillarda iyul-avgust oylarida ob-havoning issiq kelishi dehqonlarimizdan resurs tejamkor usullardan foydalanishni talab etmoqda. Qolaversa, g‘allani ekish oldidan mineral o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlash ham foydadan xoli emas. Barcha mintaqalarda yer tayyorlash oldidan mineral o‘g‘itlar solib, keyin yerni shudgor qilishga kirishish zarur. Chunki fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar don naturasi vaznini va sifatini oshiradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, suv tanqisligini hisobga olgan holda g‘ala maydonlarini 25 avgustga qadar 25-30 sm chuqurlikda shudgor qilib, egatlarda suvning ravon oqishini hisobga olgan holda yerning past-balandligini lazer planirovshigi yoki dlinabaza yordamida tekislash, unumdor qatlamdagi namlikni qochirmaslik maqsadida dominator mexanizmi bilan kesaklarni maydalab, og‘ir mola bosish zarur.

Seminarda yerlarni lazer usulida tekislash, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi hamda tajriba almashildi.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA