bugungi kunda bojxona tizimini korrupsiyada xoli sohaga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi «Andarxon» chegara-bojxona postida fosh qilingan navbatdagi holat ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.
Voqea bayonini biroz oldindan boshlaymiz. 2021 yil sentyabr oyida Qo‘qon shahridagi 3 ta MCHJ nomiga xorijdan 23 tonna 540 kg. og‘irlikdagi 3 turdagi to‘qimachilik mahsulotlari olib kelingan.
Mazkur tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyalari «Qo‘qon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga taqdim qilingan bo‘lib, tovarlar «Bojxona ombori» bojxona rejimiga rasmiylashtiriladi hamda vaqtincha saqlash uchun «Qo‘qonsavdo» MCHJga qarashli bojxona omboriga topshiriladi.

Joriy yil 13 oktyabr kuni yuk egalari yuqoridagi tovarlarni «Reeksport» bojxona rejimiga rasmiylashtirib, Tojikiston Respublikasiga olib chiqib ketish uchun bojxona yuk deklaratsiyalarini taqdim etishadi va shu kunning o‘zida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining «Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postida rasmiylashtiruv yakuniga yetkaziladi.
Hujjatlarga binoan ushbu tovarlar ortilgan yuk avtotransport vositasi 2022 yil 15 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining «Andarxon» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketayotganida Davlat bojxona qo‘mitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining viloyatdagi tezkor xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi.

Boisi, ushbu tovarlar bilan bog‘liq vaziyat Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati tomonidan oldindan kuzatuvga olingan edi va aynan qo‘mita rahbariyatining topshirig‘iga muvofiq tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida yuk avtotransport vositasi haydovchi va xolislar ishtirokida qayta bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, yukxonada hujjatlarda ko‘rsatilgan tovarlar umuman yo‘qligi fosh bo‘ldi.
Hozirda «reeksport» bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, amalda chegara bojxona posti orqali olib chiqib ketilmagan umumiy qiymati 2 mlrd. 188 mln. so‘mlik tovar moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olinib, belgilangan tartibda protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda bojxona xodimlarining mazkur holatga aloqadorligini aniqlash va ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
O‘zA