Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuzatuv kengashining mustaqil a’zolari ishlab chiqarish salohiyatini baholadi
17:05 / 2025-10-27

Mamlakatimiz neft-gaz sanoatini modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga qaratilgan islohotlar doirasida mahalliy korxonalar faoliyati xalqaro ekspertlar tomonidan ham o‘rganib borilmoqda.

Shu maqsadda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Kuzatuv kengashining xorijlik mustaqil a’zolari Buxoro neftini qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi.  

Tashrif doirasida Kuzatuv kengashining mustaqil a’zolari, amerikalik Aleks Barri Melnikovich va  Buyuk britaniyalik Tomas Melvin Kuigli korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. O‘rganish jarayonida ular zavodning ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik jarayonlari, modernizatsiya dasturlari va qo‘shimcha investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi bo‘yicha atroflicha ma’lumot oldi.  

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tadbir Buxoro neftini qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mavjud infratuzilmalarni yangilash va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni shakllantirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish masalalari ham muhokama etildi. Sanoat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish masalalari tashrif davomida alohida e’tibor markazida bo‘ldi.  

Aniqlanishicha, korxonada xavfsiz ishlab chiqarish muhitini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va profilaktik dasturlar izchil davom ettirilmoqda. Ayni paytda mavjud qoidalar va xavfsizlik me’yorlariga qat’iy rioya qilinayotgani qayd etildi.  

Delegatsiya a’zolariga korxonaning asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, mahsulot turlari, eksport salohiyati hamda ekologik barqarorlik uchun ko‘rilayotgan choralar haqida batafsil axborot berildi. Xorijlik ekspertlar zavodda joriy etilgan texnologik yechimlarni yuqori baholar ekan, korxonaning xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.  

N.Ziyodullayeva, O‘zA