Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishda fuqarolar va mas’ullarning o‘z majburiyatlari bor
15:16 / 2022-10-26

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O‘lmas Muzaffarov kuz-qish mavsumini talafotlarsiz o‘tkazishda fuqarolar va mas’ullarning majburiyatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, qish fasli isitish muammosi bilan bog‘liq fojialarning tez-tez bo‘lib turishi sababli yilning eng tashvishli mavsumi hisoblanadi. Shu davrda tabiiy gaz yoki muqobil yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanish hajmining keskin oshganligi sababli uy-joy fondida, tunda insonlar qoladigan joylarda ehtiyot choralariga amal qilmaslik holatlari ko‘p uchraydi. Oqibatda, insonlarning is gazidan zaharlanishi, kishilarning hayoti hamda sog‘lig‘iga tahdid soluvchi havo-gaz aralashmasining chaqnashi yoki yong‘in bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning ro‘y berishi ko‘payadi.

Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati fuqarolar tomonidan tabiiy gaz yoki ko‘mirdan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik, qo‘lbola yoki muvofiqlik sertifikati bo‘lmagan isitish moslamalaridan foydalanish, pechlarni uyning yotoq xonalariga olib kirish, dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish, xonadagi havoni almashtirmaslik kabi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda.

Qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida bugungi kunda joylarda daxldor vazirlik va idoralarning vakillaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular tomonidan respublikadagi ko‘p kvartirali uylardan 71 foizi kompleks o‘rganib chiqilib, ulardagi 25 ming 242 ta chordoq va 22 ming 69 ta yerto‘la ko‘zdan kechirilgan va talab darajasiga keltirilgan. Yakka tartibdagi uy-joylarning 41 foizi, dala hovlilarning 33 foizi tekshiruvdan o‘tkazilgan. Issiqlik ta’minoti korxonalarining 93 foizida profilaktik o‘rganishlar o‘tkazilib, ulardagi 150 dan ziyod gidrantlarni talab darajasiga keltirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Maktabgacha ta’lim vazirligiga qarashli muassasalarning 84 foizi, Xalq ta’limi vazirligiga qarashli ob’ektlardan 74 foizi, oliy ta’lim muassasalarining 10 foizi va davolash muassasalaridan 86 foizi tekshiruvdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA