O‘zLiDeP tomonidan tashkil etilgan “Taraqqiyot nuqtasi” munozara klubining navbatdagi soni “Kuz-qishga tayyormizmi?” mavzusiga bag‘ishlandi.
Unda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, energetika va kommunal xizmatlarning barqaror ishlashini ta’minlash yo‘nalishida qilingan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Bilamizki, kuz-qish mavsumida eng ko‘p elektr va gaz tarmoqlarida uzilishlar va boshqa muammolar kuzatiladi. Shundan kelib chiqib, munozarada mazkur yo‘nalishdagi tayyorgarliklarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mas’ul xodimi Bahodir Qodirov 2025-2026 yilgi kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, mavsumga hozirlik ko‘rish, elektr ta’minotini to‘g‘ri tashkil etish borasida mazkur jamiyat tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, umumiy uzunligi 29 ming 506 km elektr tarmoqlari mukammal ta’mirlangan. 10 ming 270 ta transformator punktlarida ham mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, zarur materiallar zaxirasi tayyorlab qo‘yilgan. Jumladan, 852 dona transformator, 114 tonna sim, 3 ming 900 ta tayanch elementlari zaxirasi yaratildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili elektr tarmoqlarining 50 foizdan ortig‘ida uskunalar eskirib qolganini aytib o‘tdi. Mutaxassisning qayd etishicha, hozirgacha 40-50 yillik tarmoqlardan foydalanib kelinyapti. Ularni birdaniga ta’mirlab bo‘lmaydi, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Xorijiy mutaxassislar bilan tajriba almashilganda, eng og‘ir holatdagi qizil nuqtalarni belgilab olish va shu yo‘nalishda ish olib borish maqbulligi ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, munozaralarda gaz tarmoqlarini mavsumga tayyorlash, ko‘p qavatli uylarda issiqlik suv ta’minotidagi muammolarni hal etish borasidagi ishlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Bir qator savollarda ko‘tarilgan masalalar, muammolar mutaxassislar ishtirokida keng muhokama qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA