Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik
20:06 / 2023-08-09

Andijon viloyatida 256 mingdan ziyod tabiiy hamda 473 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud. Ularga belgilangan tartiblar asosida tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

Xususan, joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali tomonidan kompleks chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, zarur amaliy ishlar olib borilmoqda. 

Joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida viloyat bo‘yicha 2,6 kilometr gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash, 5,6 kilometr gaz quvurini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shu kunga qadar belgilangan ishlar 35 foiz amalga oshirildi, – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Rahmatillo Temirov. – Ta’mirlash ishlari shu yil sentyabr oyi oxiriga qadar yakunlanishi belgilangan.  

Hozirda mavjud gaz taqsimlash qurilmalari tartibga keltirilib, maxsus sim to‘siqlar bilan o‘ralib bo‘yalmoqda, umuman, ularning xizmat muddatini yanada uzaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tarmoqlarni qayta rekonstruksiya qilish rejasiga ko‘ra, joriy yilda 5,6 kilometr uzunlikdagi tarmoqning xizmat muddati yanada uzaytiriladi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari viloyatning barcha tuman va shaharlarda, ayniqsa, Paxtaobod, Izboskan, Jalaquduq hamda Asaka tumanlarida namunali tarzda olib borilmoqda. Masalan, shu kunlarda Jalaquduq tumani Hasanqovoq, Guliston, Navoiy, Bozorboshi, G‘ozichek mahallalari yo‘nalishidagi 3,5 kilometrlik yer usti o‘rta bosimli gaz tarmog‘ining 2,1 kilometr qismini, shuningdek, Asaka tumanidagi Hamdo‘stlik, Baraka, Birdamlik, Muqumiy, Beruniy, Amir Temur mahallalari o‘ramidagi 5,9 kilometr masofadagi yer osti o‘rta bosim gaz tarmog‘ining 3,5 kilometr qismini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.

[gallery-13062]

Shuningdek, joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida viloyat bo‘yicha 205,1 kilometr uzunlikdagi yer osti gaz quvurlari holatini maxsus  asbob yordamida tekshirish belgilangan. Hozirgacha mutaxassislar tomonidan 199,5 kilometr gaz quvurlarining holati tekshirilib, reja 97,2 foizga bajarildi. Bu boradagi ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.

Iste’molchilarga tabiiy gazni yetkazib berishda nafaqat gaz quvurlari, balki gaz tarqatish qurilmalari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu kunga qadar viloyatdagi mavjud 1 ming 970 dona gaz tarqatish qurilmalaridan 1 ming 372 tasi soha xodimlari tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirilmoqda. Tumanlardagi 12 ta gaz taqsimlash qurilmasi mukammal ta’mirlandi.

Masalan, Baliqchi tumanida ham bu boradagi ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Jumladan, tayyorgarlik jarayonida 1 ta gaz taqsimlash qurilmasi mukammal ta’mirdan chiqarilgan bo‘lsa, qolgan qurilmalar texnik ko‘rik va joriy sozlovdan o‘tkazilmoqda. 

Viloyatda kuz-qish mavsumida iste’molchilarni suyultirilgan gazni bir maromda yetkazib berish bo‘yicha ham zarur ishlar olib borilmoqda. Viloyatdagi barcha gaz to‘ldirish shoxobchalarida tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazildi. Jumladan, “Asaka”, “Shahrixon” va “Qo‘rg‘ontepa” gaz to‘ldirish shoxobchalarida qo‘shimcha gaz quyish kolonkalari o‘rnatildi. Natijada maishiy gaz ballonlarga gaz to‘ldirish 30 foizga tezlashdi.  

Bundan tashqari, iste’molchilar orasida maishiy gaz ballonlari va suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Xo‘jaobod, Izboskan tumanlarida olib borilayotgan ishlarni alohida e’tirof etish o‘rinlidir.  

Aholi xonadonlariga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berayotgan mutaxassislar aholi xonadonlariga kirib, suyultirilgan gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha fuqarolarga keng ma’lumotlar, zarur tavsiyalar bermoqda.  

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA