Buxoro neftni qayta ishlash zavodi o‘zining ishlab chiqarish hajmi va samaradorligi bilan mamlakatning muhim ishlab chiqarish korxonalaridan hisoblanadi. Zavodning barqaror ishlashini ta’minlashda mavsumiy rejali ta’mirlash ishlari katta ahamiyatga ega.
Zavodda 2024-2025 yilgi kuz-qish mavsumida barcha muhandislik kommunikatsiyalar va texnologik uskunalarning muntazam ishlashini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunga qadar zavodda muhim ta’mirlash va tiklash ishlari qatorida 6 ta bug‘ qozoni texnik ko‘rikdan o‘tkazildi, 9 ta sig‘im tozalandi. Shuningdek, 110 metr elektr tarmog‘i qayta tiklanib, 7 ta transformator va 25 ta dizel elektr stansiyasi ta’mirdan chiqarildi.
Bundan tashqari, zavodda 200 metr kabel estakadasi, 1710 metr issiqlik tarmog‘i ta’mirlanib, 345 metr issiqlik tarmog‘i izolyatsiya qilingani holda 7 ta gaz taqsimlash punkti texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Hududda 1440 metr suv tarmog‘i ta’mirlanib, 36 ta avtomatik ulash qurilmasi ishchi holatida ekani tekshirilib kamchiliklar tuzatildi.

Bu jarayonda barcha zaruriy moddiy-texnik resurslar va ehtiyot qismlar tayyor holatga keltirilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad esa, joriy mavsumda zavodning uzluksiz va ishonchli ishlashini ta’minlashga qaratilgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.