Qish mavsumi yaqinlashar ekan, har bir hududda aholini issiqlik, suv, elektr va gaz bilan uzluksiz ta’minlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari tizimli asosda tashkil etilmoqda.
Deputat sifatida joylardagi holatni o‘rganish jarayonida kuzatilgan holatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, barcha darajadagi mas’ul idoralar tomonidan amaliy ishlar izchil yo‘lga qo‘yilgan. Avvalo, ijtimoiy soha ob’ektlarini mavsumga tayyorlash masalasi joriy yilda ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qaroriga muvofiq, maktab, bolalar bog‘chalari, shifoxonalar va oliy ta’lim muassasalaridagi 673 ta isitish qozoni yangilanmoqda. Bu maqsadlar uchun mahalliy byudjetdan qariyb 19 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shu bilan birga, 256 ta ko‘p qavatli uy-joy ta’mirlandi, sanitariya va texnik holati yaxshilandi. Nukus shahridagi “Ko‘k o‘zak” mahalla fuqarolar yig‘inida esa 3 ta yangi qozon o‘rnatilib, 3,5 kilometr issiqlik tarmog‘i tortish ishlari amalga oshirildi. Endi bu orqali 25 ta ko‘p qavatli uy va 2 ta ijtimoiy soha ob’ekti markazlashgan issiqlik bilan ta’minlanadi. Eng muhim jihati shundaki, bu ishlar orqali nafaqat muhandislik tarmoqlarining barqarorligi ta’minlanmoqda, balki odamlar turmush darajasi va qulaylik darajasi ham sezilarli oshmoqda.
Suv ta’minoti tizimida 45,2 km ichimlik suv, 6 ming 900 km elektr tarmoqlari va 2 ming 300 dan ortiq transformator yangilanishi — bu yilgi tayyorgarlik ishlarining muhim natijalaridan biridir.
Tabiiy gaz ta’minotida 8,5 km tarmoq va 25 ta taqsimlash punkti rekonstruksiya qilingani hisobiga 34 mingdan ziyod xonadonni gaz bilan ta’minlash yaxshilanmoqda. Shuningdek, mavsum uchun 75,5 ming tonna ko‘mir va 13 ming tonna suyultirilgan gaz zahirasi yaratildi.
Bu natijalar Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 7 maydagi “Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bilan ham uzviy bog‘liq. Unga ko‘ra, issiqlik energiyasi yo‘qotishlari yuqori bo‘lgan 670 ta ijtimoiy ob’ektda 803 ta isitish qurilmasi va 4 ming 961 ta gorelka yangilandi. 467 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga 889 ta geliokollektor o‘rnatilib, quyosh energiyasidan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bu ishlar faqat raqamlar bilan emas, balki odamlar hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan islohotlar bilan baholanmoqda. Eng olis ovullarda ham issiqlik va suv ta’minotini yaxshilash, aholini zarur yoqilg‘i bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kundagi asosiy vazifa — mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish bilan birga, energiyani tejavchi texnologiyalarni keng joriy etishdir. Chunki bu nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki ekologik barqarorlikni ham ta’minlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar aholi farovonligini ta’minlash, ijtimoiy soha faoliyatini barqaror davom ettirish va iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam zamin yaratib bermoqda.
Islom Siddiqov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitasining raisi,
O‘zLiDeP dan Jo‘qorg‘i Kenges deputati
O‘zA