Har yili kuz-qish mavsumi kirib kelishi bilan mamlakatimiz hududlarida kommunal xizmatlar va ijtimoiy infratuzilmani barqaror faoliyatini ta’minlash uchun keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib boriladi.
2025-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturlar doirasida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida aholi yashash joylarining infratuzilmasini takomillashtirish va barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Bu chora-tadbirlar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgan.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatida ham ijtimoiy soha ob’ektlarida kuz-qishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Buning bir ko‘rsatkichi sifatida “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli va mukammal ishlarni aytish mumkin.

Aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 18,8 kilometr gaz tarmoqlari ta’mirlanib, 136 dona gaz taqsimlash qurilmalari rekonstruksiya qilindi. Gaz quvurlari havo bosimi ostida sinaldi va maxsus priborlar yordamida tekshirildi. Jami 388,6 kilometr gaz quvuri sifat va xavfsizlik nuqtai nazaridan tahlil qilindi. Bundan tashqari, 296,1 kilometr gaz quvuri estetik jihatdan tartibga keltirildi. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida 22 ming 125 dona bosim rostlagich o‘rnatildi, bu esa xonadonlarda gaz ta’minotini sezilarli darajada yaxshilashga imkon berdi.

Hududdagi 400 dona gaz taqsimlash punktlari demontaj qilinib, texnologik yo‘qotishlar 1,4 million metr kubga qisqartirildi. Shuningdek, quvurlar, zulfinlar, gaz jo‘mraklari va payvandlash uskunalari uchun zarur ehtiyot qismlar ta’minlandi. 36 ta avariya tiklash guruhi va 30 ta avtotransport vositasi to‘liq tayyorgarlik holatiga keltirildi.

Qarshi shahrida ham ushbu ishlar keng ko‘lamda davom etmoqda. 82 kilometr gaz tarmog‘i va 55 dona gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirlandi. Gaz quvurlari havo bosimi ostida va maxsus priborlar bilan sinab chiqildi, estetik jihatdan yangilandi. 7 ming 759 dona bosim rostlagich o‘rnatildi va 471 dona gaz taqsimlash punktlari demontaj qilindi.
Masalan, Qarshi shahrining “Qarliqxona” mahallasida gaz tarmoqlarini rekonstruksiya qilish jarayonida ko‘hna qurilmalar olib tashlanib, zamonaviy bosim rostlagichlar o‘rnatilmoqda. Yirik ta’mir ishlari doirasida yer ostidagi eski gaz quvuri yangi, sifatlisiga almashtirildi. Bu ishlar natijasida texnologik yo‘qotishlar kamaytirilib, barcha xonadonlarda gaz ta’minoti barqarorlashtirildi.
Shuningdek, “Kosontumangaz” filiali tomonidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Manzilli dastur asosida Arabxona va Regzor mahallalarida 900 va 1100 metr yangi gaz quvurlari o‘rnatilmoqda. Mesit, Paxtazor, Lolazor va Do‘stlik mahallalarida gaz tarmoqlari zichlikka sinalib, havo bosimi yordamida tozalandi. Shuningdek, yuqori va o‘rta bosimli taqsimlash qurilmalari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Shu tariqa, amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat qishni talafotsiz, muammosiz o‘tkazishga xizmat qiladi, balki aholiga sifatli va xavfsiz energiya resurslarini barqaror yetkazib berish imkonini ham yaratadi. Bu esa mamlakatimiz kommunal xizmatlar sohasining rivoji va aholining farovon hayoti uchun muhim omil hisoblanadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri