Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarligida tashkil etilgan maxsus ishchi guruhi 2025/2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasini o‘rganish uchun keng qamrovli tekshiruvlar olib bordi. Unda energetika va kommunal xizmatlar tashkilotlari barqaror ishlashga tayyorlangani, qish mavsumidagi avariyalarning oldi olingani, sodir bo‘lgan holatlarda esa ularning oqibatlari tezkorlik bilan bartaraf etilishi va avariya tiklash guruhlarining harakatlanish samaradorligi tahlil qilindi.
Guliston shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari doirasida “Issiqlik ta’minoti” MCHJ ga qarashli markaziy isitish qozonxonalari (Guliston shahri RK-1 va RK-2, Boyovut tumani RK-1 va Yangiyer shahri RK-1 holati, Yangiyer shahridagi Telekommunikatsiya bog‘lamasi, elektr, gaz va ichimlik suvi tashkilotlari hamda Xovos tumanidagi kommunal xizmatlar tekshirildi. Navbatchi-dispetcherlik xizmatlari, avariya-tiklash brigadalari va zaxira saqlash omborxonalari holati ham alohida o‘rganildi.

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali Markaziy zaxira omborxonasidagi resurslar, Guliston shahar elektr tarmoqlarining navbatchi-dispetcherlik xizmati va avariya-tiklash brigadalari, “Hududgaz Sirdaryo” GTF Guliston shahar gaz ta’minoti bo‘limi navbatchi-dispetcherlik xizmati va avariya-tiklash brigadalari hamda “Sirdaryo suv ta’minoti” MCHJ navbatchi-dispetcherlik xizmati va maxsus muhandislik texnikalarining tayyorgarlik holati tekshirildi.

Ijtimoiy soha ob’ektlari, iqtisodiyot tarmoqlari, energetika infratuzilmasi va ko‘p qavatli uy-joylar fondida barqaror ishlash va xavfsiz isitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishchi guruh mas’ul idoralarning texnik jihatdan barqarorligi, maxsus texnika va zarur materiallar zaxirasini tekshirdi, tizimlar va qurilmalarning holatini baholadi.

– O‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchilik va muammolar muhokama qilindi va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi, – deydi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Davron Sulaymonov. – Shuningdek, avariya-tiklash va murojaatlarni bartaraf etish tizimi qayta nazoratdan o‘tkazildi, tezkor harakat guruhlarining navbatchiligi kuchaytirildi. Mas’ullarga texnik jihatdan mustahkamlanish va favqulodda holatlarga tayyorgarlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Mas’ullarning ta’kidlashicha, barqaror energiya ta’minoti va isitish tizimlarining samarali ishlashi aholi hayoti va iqtisodiy faoliyat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, kuz-qish mavsumida har qanday favqulodda holatlarga tez va samarali reaksiya qilish, aholiga xavfsiz xizmat ko‘rsatish masalalari doimiy nazoratda bo‘ladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri